Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari o‘z tashabbuslari bilan ko‘ngilli tarzda “Men donorman” aksiyasida ishtirok etmoqda.
Muhtojlarga ko‘mak berish, betoblarning holidan xabar olish, birodar-u hamyurtlarimiz uchun kerak bo‘lsa tomirida oqayotgan qonini berish faqatgina haqiqiy vatanparvar insonlar qo‘lidan keladigan ezgu amaldir. Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan “Qon donorligi haftaligi” va uning doirasida “Men donorman” aksiyasida ham betob bolalar va bemorlar uchun ko‘ngillilar tomonidan beg‘araz qon topshirilmoqda.
Bir guruh bojxonachilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika qon quyish markazida bo‘lib, qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolalar uchun beg‘araz qon topshirishdi.
Ta’kidlash joizki, qon topshirish uchun 18 yoshdan 60 yosh orasidagi sog‘ligi yaxshi holatda bo‘lgan hamda tana og‘irligi 50 kilogrammdan kam bo‘lmagan, ijtimoiy kelib chiqishi, kasbi, jinsidan qat’i nazar, har qanday shaxslar ixtiyoriy va beg‘araz tarzda ishtirok etishi mumkin. Yuqoridagi talablarga mos kelgan har bir inson qonga muhtoj bo‘lgan qancha bemorlarning hayotini saqlab qolishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri