Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) vakillari “Toshkent suv ta’minoti” MCHJga tashrif buyurdi. Dastlab, jamiyat rahbariyati va xorijiy mehmonlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, unda hamkorlikdagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Agentlik vakillari Yuqorichirchiq tumanida suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishish maqsadida “Alisaid” suv inshootiga tashrif buyurdi.
Umumiy qiymati 76,9 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu loyiha 2023-2028 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, “Alisaid” uchastkasida (Yuqorichirchiq va Parkent tumanlari aholi punktlari ehtiyojidan kelib chiqib) kunlik yer osti suv olish quvvatini 31 ming metr kubgacha oshirish, 4 ta suv tarqatish va 82 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 2 ta suv tarqatish tarmoqlarini hamda 1 ta ishlab chiqarish va ekspluatatsiya bazasini qurish, 259,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini tortish, 216,3 kilometr suv tarmoqlarini xonadonlargacha tortish hamda Parkent tumani ichimlik suv ta’minoti tizimlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, fransiyalik hamkorlar Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokida barpo etilgan “Qodiriya” suv tozalash inshootining faoliyati bilan ham tanishtirildi.
Ma’lumot uchun davlatimiz rahbarining o‘tgan yil noyabr oyida Fransiyaga tashrifi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) va “O‘zsuvta’minot” AJ o‘rtasida mamlakatimiz hududlarida ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Memorandumga ko‘ra, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida 1 ta suv inshooti va 229,2 kilometr ichimlik suv quvurlarini qurish ko‘zda tutilgan.
N.Bozorova, O‘zA