Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning ishiga aralashganlik, huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ammo tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvarag‘idagi mablag‘ini qonunga xilof ravishda o‘tkazish, olib qo‘yish yoki ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari hamon uchramoqda. Xususan, 2021-2022 yillar davomida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan shunday mazmunda jami 840 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 557 tasi ijobiy hal etilgan.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Adham Shodmonov quyidagilarni so‘zlab berdi:  

— «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.  

Barchamizga ma’lumki, keyingi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan ularning roziligisiz pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik kabi holatlar mavjud. Jinoyat kodeksida bu kabi holatlarni jinoiy qilmish sifatida baholash nazarda tutilmoqda.

Mazkur kodeksning aynan tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik, ularning huquqlarini, xususiy mulkini himoya qilishni nazarda tutuvchi 13-bobiga yangi 192-12-modda kiritilmoqda. 3 qismdan iborat bu moddada jazo choralari nazarda tutilyapti. Mansabdor shaxslar yoxud boshqa shaxslar tomonidan ana shunday jinoyat sodir etilsa, birinchi qismga ko‘ra, 180 million so‘mgacha miqdorda jarima yoki qaysidir muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ikkinchi qismda esa 5 yilgacha, uchinchi qismda 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 345-moddasiga bu ishlarning sudlovga tegishliligiga oid, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Xo‘sh, bu tadbirkorlarga nima beradi? Alohida ta’kidlash joizki, shu paytgacha ham tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha Jinoyat kodeksida profilaktik choralar bor edi. Lekin tadbirkorlik sub’ektlarining mablag‘larini beso‘roq olganlik uchun chora yo‘q edi. Endilikda tadbirkorlar bankdagi pul mablag‘larini ularning roziligisiz olib qo‘yish yoxud ortiqcha to‘langan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik kabi holatlarda sudga da’vo arizasi bilan chiqishi yoki prokuratura organlariga murojaat qilishlari mumkin.


Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev (audio), O‘zA