Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasida “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida an’anaviy universitetlararo ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Buyuk shoir, mutafakkir Alisher Navoiy ijodi targ‘ibotiga bag‘ishlab sakkiz yildan buyon Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida muntazam o‘tkazib kelingan ushbu anjuman ilk bor qardosh Ozarbayjonda tashkil qilindi.
Mezbon navoiyshunoslardan tashqari AQSH, Turkiya, Vengriya, Tojikiston singari ko‘plab davlatlardan 100 ga yaqin olim, jamoat arbobi, ziyoli ishtirok etgan tadbirda Navoiy adabiy merosining jahon madaniyatida tutgan o‘rni va beqiyos ahamiyati, shoir asarlarining xorijiy tilarga tarjima qilinishi, matnshunoslik masalasi, buyuk bobomiz ijodi ta’lim tizimida o‘qitilishi muammosi kabi qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Uchrashuvning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, bu yil Alisher Navoiy nomli medal ta’sis etildi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mas’ullari tomonidan ushbu mukofot o‘zbek tili, adabiyoti, madaniyatini yurtimizda va chet ellarda targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgan ozarbayjonlik zamonaviy olimlar, ayni yo‘nalishda ilmiy ish olib borayotgan mutaxassislarga topshirildi.
Konferensiyaning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshirish maqsadida bundan buyon har yili “Alisher Navoiy va XXI asr” ilmiy-amaliy anjumanini dunyodagi nufuzli ilmiy muassasalarda o‘tkazishga qaror qilindi.
Darvoqe, mazkur konferensiya materiallari “Scopus” ilmiy bazasida qayd etib boriladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA