Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda qurilayotgan uylarning sifati va zilzilabardoshligi bo‘yicha jamoatchilikda tug‘ilayotgan savollar bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning 2022 yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va amaldagi hujjatlar asosida qurilish ob’ektlarida avvalo insonlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muayyan tizim asosida ishlar tashkil qilinadi. Xususan, ma’lum bir ob’ektning loyihasini tayyorlash uchun dastlab arxitektura rejalashtirish topshiriqlari ishlab chiqiladi, so‘ng loyiha taklifi arxitektura kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Respublikamiz hududlari seysmik ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha zonalarga bo‘lingan. Shundan kelib chiqqan holda, bosh rejalarda hududlarda ob’ektlarni joylashtirishda mazkur seysmik ball ko‘rsatkichlari inobatga olinadi. Loyiha tashkilotlari tomonidan ob’ektlar hududning belgilangan seysmik ballidan kelib chiqqan holda loyihalashtiriladi.
Bundan tashqari, ob’ektni loyihalashtirishdan oldin u joylashgan yer maydoni bo‘yicha topografik tasvir va geologik tadqiqot amalga oshiriladi, shuningdek, grunt tarkibi va xususiyatlari, sizot suvlar sathi va shu kabi boshqa masalalar ham o‘rganiladi. Ushbu tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda, ob’ektni joylashtirish, uning qavatlar soni, fundamenti, konstruksiyalari va gabarit parametrlari bo‘yicha loyiha yechimlari tanlanadi.
Mazkur jarayonlardan keyin ob’ektlar bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. Bunda, esa seysmik xavfsizlik va mustahkamlikni ta’minlashga qaratilgan shaharsozlik normalari va qoidalariga qat’iy amal qilinadi. Ob’ektning loyiha hujjatlari tayyor bo‘lgandan so‘ng, vakolatli ekspert tashkilotlari tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Bunda ham seysmik xavfsizlik va mustahkamlik masalalari bo‘yicha alohida ko‘rib chiqiladi.
Qayd etish kerakki, murakkablik darajasi 4-toifa ob’ektlari qo‘shimcha ravishda Fanlar akademiyasi huzuridagi Seysmologiya instituti tomonidan ham seysmik ekspertizadan o‘tkaziladi. Ushbu tizim bo‘yicha Prezident va Hukumat qarorlari ham qabul qilinib, alohida tartiblar belgilangan.
Ob’ekt loyihasida seysmik xavfsizlik va mustahkamlik masalalari to‘liq ko‘zda tutilganligi bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosalari olingach, qurilish ishlarini boshlashga ruxsat beriladi. Ob’ektlarning qurilish jarayonida esa 4 xil turdagi nazorat ishlari yuritiladi.
Ya’ni, pudrat tashkilotining ichki nazorati, loyiha tashkilotining mualliflik nazorati, buyurtmachi tashkilotining texnik nazorati va Inspeksiyaning davlat nazorati yuritiladi. Shuningdek, bunda ob’ektga olib kelingan qurilish materiallari va buyumlar sifati ham nazoratga olinadi. Xususan, qurilish materiallari, konstruksiyalar va buyumlar hududiy inspeksiya huzuridagi maxsus sinov laboratoriyalari tomonidan ham sinovdan o‘tkaziladi.
Qurilishi yakunlangan ob’ektlarda barcha norma va talablar to‘liq bajarilganligi hamda ularda ishlar sifatli bajarilganligi tasdiqlangandan so‘ng, foydalanishga ruxsat beriladi. Bunda tegishli dalolatnomalar Inspeksiya tomonidan onlayn elektron tizim orqali tasdiqlanadi.
Bu tartib respublikamizning barcha qurilish ob’ektlariga taalluqlidir. bugungi kunda Qurilish va kommunal xo‘jaligida nazorat inspeksiyasi tomonidan “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimi yaratilib, to‘liq ishga tushirilgan.
Mazkur tizimga 30 ming 823 ta qurilish ob’ekti kiritilgan bo‘lib, qurilayotgan ob’ektlarda nazorat ishlari olib borilmoqda. Biroq shunisi e’tiborliki, inspeksiyaning o‘tgan yili arxitektura yo‘nalishi bo‘yicha olib borgan tekshiruvlari natijasida 6 ming 102 ta noqonuniy qurilishlar aniqlangan.
Qurilish-montaj ishlari tugallangan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha 16 ming 576 ta murojaatlar kelib tushgan. Bunda 11 ming 162 ta ob’ektning qurilish ishlari belgilangan normalarga to‘g‘ri kelmasligi bois qat’iy rad etilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA