FOTOREPORTAJ
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Oltinsoy tuman hokimligi hamkorligida tumandagi Tog‘ay Murod mahallasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, tuman hokimi, tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi vakillari, sektorlar rahbarlari, ijodkorlar, o‘quvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari hamda ZOOM platformasi orqali O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning turmush o‘rtog‘i Ma’suma Ahmedova onlayn qatnashdi.
Tadbirda so‘z olganlar yozuvchining hayoti va ijodi, asarlarida milliy qahramonlar, milliy dunyoqarash, ma’naviyat va qadriyatlarga doir dolzarb mavzu-muammolarni ko‘tarib chiqilgani haqida so‘z yuritdi.
O‘quvchi-yoshlar tomonidan adibning asarlari asosida sahnalashtirilgan ko‘rinishlar hamda milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Yakunda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va badiiy kitoblar topshirildi.
– Tog‘ay Murodning yodi xalqimiz xotirasida mangu yashaydi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva. – Yozuvchining xalqimiz ko‘nglidan joy olgan betakror asarlari yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat tuyg‘usini shakllantirishda hamda keng kitobxonlarning mutolaaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda tuganmas xazina bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA