Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan chop etilgan “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” o‘ttiz jildlik to‘plamining taqdimoti hamda “Nazm va navo” kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila tufayli halok bo‘lganlar xotirasi yodga olinib, bir daqiqa sukut saqlandi.

Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondining ijrochi direktori, atoqli olim Olimjon Davlatov keyingi yillarda ulug‘ mutafakkir bobomiz ijodini o‘rganish sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqilganini ta’kidladi. Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilgan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher  Navoiy  tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon e’tirof etgan mutafakkir ijodini to‘laqonli o‘rganishda yangi istiqbollarni ochib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan Navoiy asarlari izohli lug‘atining mobil ilovasini yaratish, uning merosini puxta o‘rganish va targ‘ib etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid benazir shoir ijodi xususida batafsil to‘xtalib, uning she’riyatiga bog‘langan yangi muxammasini o‘qib berdi.

Turkiyadagi Xalqaro Alisher Navoiy ilmiy tadqiqot markazi rahbari Abdurahmon Go‘zal xorijda ham ulug‘ zot ijodi, faoliyatiga e’tibor tobora ortayotganini qayd etib, Navoiy turk dunyosining buyuk siymosi, uning ijodini o‘rganish esa faxr ekanini alohida qayd etdi.

Yosh navoiyshunos olim Umidullo Mahmudov shoir ijodini o‘rganish bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida olib borilayotgan ishlar, chet mamlakatlarga o‘tkazilayotgan ijodiy safarlar va ularning amaliy natijalari, ilmiy tadqiqotlar xususida batafsil so‘zladi.

“Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” to‘plamida o‘zbekistonlik navoiyshunoslarning istiqlol davrida chop etilgan yetmishdan ziyod monografiya va risolalari, qirqqa yaqin ilmiy maqolalari jamlangan. To‘plamning birinchi jildidan navoiyshunoslik ilmining namoyandalari bo‘lmish Aziz Qayumov, Suyima G‘aniyevaning risolalari o‘rin olgan.

Ma’lumki, istiqlol yillarida mutafakkir shoir asarlari qisqartirishlarsiz chop etildi. Uning shaxsiyati, ijodi va faoliyati haqida xolis fikrlar bildira boshlandi, sog‘lom ilmiy muhit vujudga keldi. Afsuski, mustaqilligimizning dastlabki yillarida iqtisodiy yetishmovchiliklar sababli ilm-fan va ijod ahli deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ham achchiq haqiqat. Olimlarimiz o‘z tadqiqotlarini shaxsiy mablag‘lari hisobidan, juda kam tirajda nashr etib tarqatgani sababli qo‘lga kiritilgan ilmiy yutuqlar ommalashmadi. Masalan, O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyevaning “Navoiy nasri nafosati” kitobi atigi 200 nusxada sifatsiz qog‘ozda chop etilgan bo‘lsa, akademik Aziz Qayumovning 15 jildlik “Asarlar” to‘plami shaxsiy mablag‘lari hisobidan 150 nusxada chiqarilgan.

Keyingi olti yilda ilm-fan va ijodga berilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rliklar navoiyshunoslik fanining yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” 30 jildlik to‘plami buning dastlabki amaliy natijalaridan biridir. To‘plamdan yosh navoiyshunoslarning tadqiqotlari ham o‘rin olgani tadbirda alohida e’tirof etildi.

Jamlanma Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya, Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida yaratilib, “Tamaddun” nashriyotida chop etilgan.

Mazkur to‘plamning o‘ttizinchi jildidan sohasi navoiyshunoslik bo‘lmasa-da, Navoiy ijodi haqida mulohazalarini bayon etgan shoir, yozuvchi, tarjimon, jurnalist va adabiyotshunoslarning maqolalari o‘rin olgan.

Tadbirda “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” to‘plamining ilmiy ahamiyati, navoiyshunoslik ilmining istiqboli haqida mulohazalar bildirildi.

Taniqli san’at ustalari, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti o‘qituvchi va talabalari ishtirokida Alisher Navoiy g‘azallari asosida ijro etilgan maqom qo‘shiqlari yangradi.

Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.


Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA