Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Olgan Bekar Turkiyada ro‘y bergan zilzila tafsilotlari va ayni damda ko‘rsatayotgan yordami uchun O‘zbekiston hukumatidan minnatdor ekanini bildirib, jumladan shunday dedi:
-Hammangizga ma’lumki Turkiyada yuraklarni larzaga keltirgan zilzila sodir bo‘ldi va bu zilzila masshtabi qariyb 200 km kvadrat atrofida edi. Bu katta masshtab Turkiyaning o‘zida o‘nta viloyatni qamrab olgan bo‘lsa, qo‘shni davlatlarimizda ham vaziyat shunga yaqin bo‘ldi.
24 ish soati holatida yuz mingga yaqin qutqaruvchilar guruhi qulagan uylar, binolar ostida qolgan odamlarni olib chiqishga harakat qilishmoqdalar. Shulardan olti ming nafari xorijdan kelgan qutqaruvchilardir. Bu jamoada o‘zbek qutqaruvchilari ham jonbozlik ko‘rsatayotgani bizni quvontiradi.
Ayni paytda zilziladan talofat ko‘rganlar soni qariyb 15 million atrofida tashkil etmoqda. Fursatdan foydalanib qardosh o‘zbek xalqiga va hukumatiga, shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga Turkiya xalqiga ko‘rsatayotgan yordami uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
O‘zA