Mamlakatimizda bo‘lib turgan Sloveniya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon rahbarligidagi delegatsiya poytaxtimizdagi “Texnopark” MCHJga bordi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuqori texnologiyali, raqobatbardosh, eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarish tizimini tashkil etishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini hayotga joriy etish maqsadida 2019 yil 10 iyunda ishga tushirilgan “Texnopark” MCHJda 17 ta yirik loyiha mujassam. Ayni payt 13 xil ixtisoslashgan ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan mazkur hududda elektron gaz hisoblash uskunasi, maishiy muzlatkich, sanoat konditsioneri va sovutish tizimi, lift va eskalator, suv nasosi, eshik, rom uchun furnitura va aksessuar, panelli radiator, sanoat muzlatkichi va sovutkichi, kir yuvish mashinasi, sendvich panel va mis quvur kabi ko‘plab turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. E’tiborli jihati, majmuada “Pietro Fiorentini” (Italiya), “Samsung Electronics” (Janubiy Koreya), “Whirlpool” (Xitoy), “Shanghai Mitsubishi” (Xitoy) kompaniyalari, shuningdek Yaponiyaning bir qator dunyoga mashhur brendlari bilan hamkorlik qilinmoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish maydonida bo‘yash sexi, po‘latdan yasalgan va polimer mahsulotlar tayyorlash bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
2022 yilda sanoat suv isitish uskunasi, bazalt toshdan tayyorlanayotgan issiqlik ushlovchi materiallar, HPL-panel ishlab chiqarish, avtomatlashtirilgan logistik markaz tashkil etish bo‘yicha yangi loyihalar ham ishga tushirildi. Natijada qo‘shimcha 2000 kishi ish bilan ta’minlandi. Ayni payt “Texnopark” MCHJda 5 mingdan ziyod xodim mehnat qilmoqda.
Tanya Fayon rahbarligidagi delegatsiyasi a’zolari uchun mazkur zavodda ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlar ishlab chiqarish jarayoniga bevosita guvoh bo‘ldilar. Korxonada ishlatilayotgan eng so‘nggi texnologiya, robotlashgan uskunalar, zamonaviy va sifatli mahsulotlar, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri