O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Sloveniya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan uchrashdi.

Uchrashuvda turli shakldagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvning navbatdagi davrasini o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan tomonlar Toshkentda O‘zbekiston-Sloveniya biznes-forumi muvaffaqiyatli boshlanganini olqishlab, ishbilarmon doiralar o‘rtasida yaqin aloqani davom ettirish zarurligini qayd etdi.

Turizm, farmatsevtika va kimyo sohalarida sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi hokimiyat palatalari o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning fundamental asosini yangi bosqichda mustahkamlash maqsadida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning shartnomaviy-huquqiy bazasini kuchaytirishdan manfaatdor ekani bildirdi.

Muzokarada xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim jihatlari bo‘yicha ham fikr almashildi.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA