Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni poytaxtimizdagi bir qator muhim loyihalar bilan tanishdi, mahalla ahli bilan suhbatlashdi. Shuningdek, mas’ullar va jamoatchilik vakillari ishtirokida dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent metropolitenidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Inson uchun o‘z mehnatlari samarasini ko‘rish, odamlarga quvonch ulashish – katta baxt. Mamlakatimizda xalqning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan bunday xayrli ishlar juda ko‘p.

Birgina transport sohasini olganda, so‘nggi yillarda ulkan loyihalar amalga oshirildi. 2020 yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. O‘sha yil dekabrda Sergeli yo‘nalishi ochildi. bugungi kundagi yo‘lovchilar oqimidan bilish mumkinki, bu loyihalar o‘zini to‘la oqladi.

Bu ishlar izchil davom ettirilib, mazkur ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari ushbu transport inshootini borib ko‘rdi. Nuroniylar va faollar bilan suhbatda loyihaning ahamiyati haqida so‘z bordi.

– Oxirgi yillarda bu borada ham tajriba to‘pladik. Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergelida 5 bekatli yerusti metrolari qurildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz – 1 million yo‘lovchi. Agar o‘z vaqtida buni boshlamaganimizda, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi. Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.

Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi mumkin.

Umuman, ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi «Aysel Energy» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, bu yilgi qish ancha sovuq bo‘lgani elektr energiyasi tizimidagi muammolarni yaqqol yuzaga chiqardi. Xususan, ayrim eski transformatorlar yuklanishni ko‘tara olmay, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Davlatimiz rahbari soha mutasaddilariga elektr tarmoqlarini yangilash, zarur jihozlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bu tashrif o‘sha vazifalar ijrosi, kelgusida energetik muammolarning oldini olishga qaratilgan ishlarning bir qismi.

«Aysel Energy» yiliga 10 ming dona yirik elektr uskunalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Turkiya texnologiyasi o‘rnatilgan korxonada mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetgan. Natijada mahsulot ishlab chiqarish tannarxi va o‘rnatish xarajati kam. Bu eskirgan transformatorlarni nafaqat poytaxtda, balki butun respublikada yangilash imkonini beradi.

Mutasaddilar bu yil mamlakatimizda 3 ming 200 ta transformator, 12 ming kilometr kabellarga zarurat borligi haqida axborot berdi. Davlatimiz rahbari import tahlilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlarga buyurtmalarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Umuman, energetika sohasidagi bunday ishlar elektr tarmoqlarining barqarorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Sergeli tumanidagi Ezgulik mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.

Bu yerda 26 ta ko‘p qavatli uy bor, 6 mingdan ziyod aholi yashaydi.

Prezidentimiz mahalla vakillaridan hol-ahvol so‘radi. Nuroniylar o‘tgan sovuq kunlarda xalqimizning va davlat idoralari xizmatchilarining birligi bilan qiyinchilik ortda qoldirilganini aytishdi. Energetika va kommunal xizmatlar 24 soat davomida ishlagan, tezkor choralar ko‘rib borilgan. Xususan, mahalladagi transformator ham yangilangan.

– Bu bizga saboq bo‘lishi kerak. Energetikada 3-4 karra ko‘proq zaxira yaratishimiz zarur. Shuning uchun qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga e’tibor beryapmiz. U – muqobil, ishonchli va ekologik toza, – dedi davlatimiz rahbari.

Mahallalardagi ustuvor vazifa aholi bandligi va yoshlar tarbiyasi ekani ta’kidlandi. Shu bois ham bu yil yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. O‘quvchilar maktabda ikkita xorijiy til va bitta kasb o‘rganib chiqishi uchun sharoit yaratilmoqda. Xalqimiz bu harakatni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Nuroniylar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik tilab duo qildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarni obod qilish va aholi bandligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda shahar va tumanlar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Avvalo, energetika masalalariga e’tibor qaratildi. Bu boradagi qo‘shimcha manbalardan biri qayta tiklanuvchi energiya. Toshkent shahrida kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkinligi qayd etildi.

Xususan, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy ob’ektlar va boshqa binolarning tom qismi, sanoat zonalari, avtoturargoh va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin. Bu choralar ko‘rilsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik qo‘shimcha talabni 4 baravar ortig‘i bilan, ya’ni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Prezidentimiz elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, davlat panel o‘rnatgan tadbirkorlardan elektrni kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi. Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovatti 1 ming so‘mdan sotib olinadi.

Shu bois, sanoat zonalari va yirik korxonalarda 400 million kilovatt soatlik quyosh panellari o‘rnatish, Yuqori Chirchiq tumanida 500 megavattli quyosh elektr stansiyasini qurish choralari belgilandi. Ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida ham quyosh panellari o‘rnatish, sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, magistral issiqlik tarmoqlari va 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uyning ichki isitish tizimini yangilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda 2023 yilda poytaxtda aholi bandligini ta’minlash masalalari ham  muhokama qilindi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ulkan marralarga erishishda tadbirkorlarga tayanish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.

Jumladan, bu yili Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m kredit yo‘naltiriladi, oilaviy tadbirkorlik uchun 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Shahar mahallalarida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun 1,4 trillion so‘m, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” doirasida 573 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.

Prezident mahallalarni obod qilish, yo‘llar va suv inshootlarini ta’mirlash masalalariga ham to‘xtaldi. Shuning uchun shahardagi 584 ta mahallaning har biriga byudjetdan qo‘shimcha 1 milliard so‘mdan, jami yana 584 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi.

Yig‘ilishda jamoat transporti sohasiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida 1 aprelga qadar qo‘shimcha mingta avtobus olib kelinib, 25 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi, svetoforlarni yo‘lovchi oqimiga qarab boshqarish, avtoturargohlar va parkomatlar tashkil qilinishi aytildi.

Davlatimiz rahbari qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi. Shu bois, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinadi.

2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda bog‘ tashkil qilinib, “Toshkent yashil belbog‘i” loyihasi boshlanishi aytildi.

Poytaxtda chiqindi bilan ishlash ham qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. “Maxsustrans” faoliyatini isloh qilish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida shahar rahbariyati va tumanlar hokimlarining hisoboti tinglandi.

Shu yerda Toshkent shahrida xizmatlarni rivojlantirish va aholi bandligini oshirish rejalari taqdimoti o‘tkazildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari