Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilda O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 27 milliondan oshgan. Ularning 25 milliondan ortig‘i mobil internet foydalanuvchilaridir.
Shuningdek, aholi punktlarining 95 foizi mobil internet bilan qamrab olingan, xonadonlarning 54 foizi yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatiga ega. Bundan ko‘rinib turibdiki, internetga bo‘lgan talab oshgan.
Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistonda internet tezligi qanday? Bu tizimdan foydalanuvchilarga yetarlicha sharoit yaratilganmi?
Internet tezligini o‘lchash ishlari bilan shug‘ullanuvchi Speedtest Global Index xabar berishicha, O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha 7 pog‘ona pastlab, 2022 yilda dunyoda 122-o‘rinni egallagan.
Shuni ham aytish joiz, mazkur reytingda 141 mamlakatdagi internet tezligi solishtirilgan. Bu mamlakatlar orasida Qatar eng tez mobil internetga ega deb topilgan. Undan so‘ng, BAA va Norvegiya davlatlari o‘rin olgan.
Aloqa sifatini yaxshilash, chekka qishloqlarga ham internet yetib borishi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, “O‘zbektelekom” AK va uning hududiy filiallari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda yurtimizning chekka qishloqlarida ham zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, vazirlik xodimlari tomonidan joylarga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmalari hamda axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining hududiy bo‘limlari tomonidan sohadagi korxona va tashkilotlar bilan birgalikda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga oid bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlari simsiz texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etilgan tumandagi ba’zi ijtimoiy soha ob’ektlariga talabdan kelib chiqib, optik tolali aloqa liniyalariga o‘tkazilishi ta’minlandi hamda yanada yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Fuqarolarning murojaatlari tahlili natijasida bir qator qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlari telekommunikatsiya tarmog‘iga ulab berilgan.
Tog‘li hududlarda joylashgan televizion uzatgichlarda profilaktika-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, qishloqlar aholisiga ko‘rsatilayotgan xizmatning sifati oshirildi.
Mobil aloqa qamrovi darajasi o‘rganilib, telekommunikatsiya operatorlarining baza stansiyalarida optimizatsiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Tumanning olis aholi punktlari aholisi uchun telekommunikatsiya xizmatlarga ulanishda qulaylik yaratish maqsadida joylarda mobil aloqa operatorlarining sayyor sotuv ofislari tashkil etildi.
Shu bilan birga, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar tegishli mutaxassislar ishtirokida muhokama etildi. Hal etish ma’lum bir muddat va mablag‘ talab etadigan muammolar yuzasidan tegishli yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq masalalar yechimining aniq mexanizmlari hamda ishlarni bajarish muddatlari va mas’ullar belgilanib, chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nazoratga olindi.
Sh.Mamaturova, O‘zA