Turkiyaning o‘n viloyatida sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat barcha vositalar va imkoniyatlarini ishga soladi. Bu haqda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an zilziladan zarar ko‘rgan Qahramonmarash shahrida ma’lum qildi.
“Anadolu” agentligining xabariga ko‘ra, davlat rahbari ikki yirik zilziladan zarar ko‘rgan oilalarning har biriga davlatdan 10 ming liradan yordam berilishini aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat zonasi aholisi, agar xohlasa, Antalya, Alanya va Mersindagi mehmonxonalarga joylashishlari mumkin.
Prezident zilziladan zarar ko‘rgan o‘n viloyat aholisini bir yil ichida yangi uy-joy bilan ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidladi.
Erdog‘an vatandoshlarni falokatga qarshi birdamlik va hamjihatlikka chaqirdi.
Davlat yetakchisi fuqarolar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari provokatsiyalarga berilmasliklari va faqat Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar departamenti tomonidan tarqatilayotgan tabiiy ofat hududidagi rasmiy ma’lumotlardan foydalanishlari kerakligini uqtirdi.
O‘zA