O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshdi. Ularning aksariyati “Telegram”, “Odnoklassniki”, “Facebook”(Meta), “Instagram”dan foydalanmoqda.

Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish bo‘yicha qonunlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy bilim va kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Bir million dasturchi”, “Viki stipendiya” , “TechBika” kabi loyihalar amalga oshirildi.

Oliy Majlis Senati tomonidan Toshkent shahridagi Vestminster universitetida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.

O‘zbekiston yoshlari uchun ish yuritish, ta’lim, ilm-fan sohalari, kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishlarida o‘zbek tilidagi matnli, foto, audiovizual va video resurslar ishlab chiqildi, “Vikipediya” ochiq ensiklopediyasi o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlar va maqolalar bilan boyitildi.

Shu bilan birga, qator ijtimoiy tarmoqlar va milliy messenjerlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarni zamonaviy dasturchi etib tayyorlash maqsadida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan yuzga yaqin IT-maktablar ishga tushirildi.

Ammo tarmoqlardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ham ko‘zga tashlanib, o‘smir yoshlar orasida giyohvandlik, suitsid, axloq va jamiyat qoidalariga zid xatti-harakatlar sodir etish va boshqa salbiy oqibatlar ortib bormoqda.

Yana  bir tashvishli jihat – ma’naviy tahdid soluvchi va yoshlar ongini egallashga qaratilgan axborot xurujlari kun sayin avj olmoqda. Axborot xurujlarining yolg‘on axborot tarqatish,  manipulyatsiya qilish, milliy-ma’naviy qadriyatlarni yemirish, mentalitetga mutlaqo yot bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ib etish, kiberjinoyat kabi buzg‘unchilik ishlari keng tarqalmoqda.

2022 yilda “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan Internetdagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 873 ta “UZ” domenidagi veb-saytlar monitoring qilingan bo‘lib, 4,3 mingdan ziyod huquqbuzarlik holatlari aniqlangan.

Mazkur huquqbuzarliklarning aksariyati amaldagi qonunchilik talablariga zid materiallarni rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirish  va tarqatish shaklida sodir etilgan.

Davra suhbatida yoshlarning axborot xurujlariga tushib qolmasligi borasida zarur tavsiyalar berildi. Bu boradagi faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq choralar belgilashga kelishib olindi.


N.Abduraimova, O‘zA