Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Strategik sheriklikning yangi istiqboli” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbarining Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatda “tarixiy burilish” voqeasi bo‘ldi.

Institut direktori yuksak darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha hamkorlikning, deyarli, barcha sohalarini qamrab olgan 25 ta hujjat imzolanganini qayd etdi. Shu bilan birga Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya munosabatimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.

Davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi, birgalikdagi sa’y-harakati samarasi o‘laroq davlatlaro chegaraning ayrim uchastkalari to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Ushbu hujjat Markaziy Osiyodagi asosiy diplomatik yutuqdir.

Ko‘p yillar davomida davlatlar aro keskinlik manbasi bo‘lib kelgan, ikki tomonlama hamkorlikning to‘liq salohiyatidan foydalanishga, Markaziy Osiyoda tinchlik o‘rnatish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan delimitatsiya masalasi nihoyat to‘liq tartibga solingani e’lon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “Chegarani delimitatsiya qilish masalasi to‘liq tartibga solingani ikki tomonlama hamkorlik va hududlar aro almashinuv rivojida muhim o‘rin tutadi, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi”.

Ayni dam Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston-Qirg‘iziston  chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha muhim masalalarni hal etishda Shavkat Mirziyoyevning beqiyos rolini ta’kidlar ekan, “Qirg‘iziston uchun O‘zbekiston – ruhan yaqin qo‘shni, sadoqatli do‘st va ishonchli strategik hamkor” ekanini alohida qayd etdi.

O‘zA