Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ma’lumki, inflyatsiya faqatgina makroiqtisodiy ko‘rsatkich emas, aholi daromadi va turmush tarziga ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi. 2022 yil yakuni bilan yurtimizda inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etgan edi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qo‘llab, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.
Buning uchun iste’mol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon bo‘lishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar yerdan unumli foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Aholi daromadlarini oshirishda ularning bo‘sh pul mablag‘larini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshdi.
Lekin, bu yo‘nalishda hali imkoniyatlar ko‘p. Shu bois yig‘ilishda aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.