Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi 1991 yil 21 iyunda mamlakatimizda ayollar tadbirkorlik harakatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Assotsiatsiya bugungi kunda 17 ming nafar tadbirkor ayolni birlashtira olgan keng tarmoqqa aylanib ulgurgan. Respublika bo‘yicha 200 nafardan ortiq malakali trenerlar jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasida “O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.
Mamlakatimizning qishloq va shaharlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, gender tengligiga erishish, yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyotda ayollar salohiyatini oshirish va inson kapitalidan to‘liq foydalanishga qaratilgan 100 dan ziyod loyihalar amalga oshirilgan.
O‘z maqsad va vazifalarini amalga oshirish yo‘lida assotsiatsiya YeXHT, BMT, BMTTD, USAID, YeTTB, ITB kabi bir qator xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalarda hamkorlik qilmoqda.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi G.Mahmudovaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka o‘rgatish, ayollar migratsiyasi, gender tengligi va iqtisodiy integratsiya, savdoning globallashuvi va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalarini hal etish imkonini bermoqda.
Shu bilan birgalikda, assotsiatsiya mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan davlat tashkilotlari bilan ham mustahkam aloqalar o‘rnatgan. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan 5000 nafar ayolni biznes asoslariga o‘qitish bo‘yicha ijtimoiy buyurtma amalga oshirmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan O‘zbekistonni Ayollar tadbirkorligi xalqaro global indeksiga qo‘shish, ayollarni tadbirkorlikka masofaviy o‘qitish bo‘yicha yagona onlayn platforma yaratish loyihalarini amalga oshirmoqda.
– O‘tgan 2022 yilda erishilgan eng katta yutuq assotsiatsiyaga xalqaro status berilganidir, – deydi G.Mahmudova. – O‘tgan yillar davomida 50 ming 320 nafar ayol seminar va malaka oshirish ta’lim dasturlarida ishtirok etdi. Ularning 80 foizi ishga joylashdi. 43 ming nafar ayol biznes asoslariga o‘qitildi. Ularning 75 foizi o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. 30 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tadbirda assotsiatsiya mamlakatimiz va xorijda tan olingan, chekka qishloqlardan tortib yirik shaharlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlovchi kuchli jamoaga aylanib borayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kengaytirish va himoya qilish uchun shart sharoitlar yaratish, ularning tadbirkorlik va ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, donor tashkilotlar va hamkorlar ishtirokida dolzarb vazifalar muhokama etildi.
– O‘zbek ayollari har ishda ilg‘or bo‘lib kelgan. Barchamiz bilamizki, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda faol bo‘lishi ulardan erkaklarga nisbatan ikki-uch karra ko‘proq kuch-quvvat va matonat talab etadi. Endi xotin-qizlarga biznes g‘oya, marketing, menejment, tahlil, biznesni boshqarish kabi tushunchalar begona emas, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi xodimi Zamira Muqodirova. – Assotsiatsiya Taraqqiyot strategiyasining maqsadlaridan kelib chiqib, hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘z faoliyatini takomillashtirish, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirib, minglab ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishni maqsad qilib olgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA