Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Jahon banki, “Clarivate” kompaniyasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida “Web of Science” milliy obunasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova O‘zbekistonda ilm-fan sohasi jadallik bilan rivojlanayotgani, bunga ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olim-tadqiqotchilarning nashr ishlari asos bo‘layotganini ta’kidladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarining dunyo ilmiy nashrlarining xalqaro yetakchi ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri “Clarivate” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Web of Science” ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatining yaratilganidir.

Tadbirda “Web of Science” xalqaro ma’lumotlar bazasiga O‘zbekiston Milliy obunasini ishga tushirish, olim-tadqiqotchilarga undan foydalanish imkoniyatini yaratish, noshirlik faoliyatini amalga oshirishdagi keng sharoitlar xususida so‘z yuritildi.

“Clarivate” kompaniyasining vitse-prezidenti Stiven Xotorn “Web of Sciense” ilmiy ma’lumotlar bazasining imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Shu bilan birga ushbu platformadan foydalanish imkoniyatiga ega universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining undan foydalanganlik bo‘yicha ma’lumotlariga e’tibor qaratdi.

Mazkur kompaniya katta strategik maslahatchisi Valentin Bogorov “Web of Sciense” platformasidagi “Clarivate” kompaniyasining jurnallarida o‘zbekistonlik olimlar tomonidan e’lon qilingan maqolalar bo‘yicha ma’lumotlar yuzasidan fikr bildirdi. Ta’kidlanganidek, “Web of Science” eng sara ilmiy tadqiqotlar, sitatalar, maqolalar, dunyoning qariyb 22 ming eng yaxshi ilmiy nashr va jurnallarini o‘zida jamlagan unikal ilmiy xazina, g‘oyat katta ma’lumotlar bazasidir.

Keyingi yillarda ko‘plab o‘zbek olimlarining ilmiy izlanishlari ham mazkur ma’lumotlar bazasidan o‘rin olmoqda. Bu esa yurtimizda ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor, olimlarning o‘z ishlarini xalqaro miqyosda chop etishga oid faolligi tobora ortayotganidan darak beradi. Ushbu ma’lumotlar bazasiga milliy obunaning yo‘lga qo‘yilgani imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi guruh rahbari Yerali Beksulton keyingi yillarda mamlakatda innovatsiyalar, global bilimlar sohasini rivojlantirish, jarayonga yangi standartlarni joriy etish ustuvorlik kasb etayotganini ta’kidladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Jahon bankining O‘zbekiston Milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish loyihasi hamda “Clarivate” kompaniyasi hamkorligidagi ishlar xususida batafsil to‘xtaldi.

U o‘z nutqida ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va olimlarning faoliyatini rivojlantirish, konsultativ ko‘mak ko‘rsatish maqsadida o‘zbekistonlik olimlar, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun xalqaro ilmiy bazalariga milliy obunani moliyalashtirish xususida so‘z yuritdi. Bu orqali yurtimiz olimlari “Web of Science” jahon ilmiy resurslaridan 3 yil davomida bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi. “Web of Science”ga O‘zbekiston milliy obunasining tashkil etilishi ilmiy hamkorlikning kengayishi, yangi yo‘nalishlarni ochish, ilmiy tahlilni yanada yuqori bosqichga olib chiqish, ilmiy jarayonga magistr va doktorantlarni kengroq jalb etish, ularning ilmiy izlanishlari bilan atroflicha tanishish imkonini beradi.

Tadbirda oliy ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (rasm), O‘zA