Prezidentning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan farmoni loyihasida aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish va uni sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, bemorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilandi.

Joriy yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokorlik punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlardan o‘tkazish, spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bola dori vositalari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, eshitish zaifligi mavjud bo‘lgan 250 dan ortiq bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolada nutq protsessorlarini almashtirish choralari ko‘riladi.

Mazkur amaliy tadbirlarga 308,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar berilishi bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi.

Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023 yil 1 iyuldan boshlab, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida – 2024 yil 1 yanvardan boshlab elektron shaklga o‘tkaziladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy ma’lumotnomalar qog‘oz shaklda talab qilinmaydi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladi. Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan eksperiment natijalarini inobatga olgan holda, ushbu tizim bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida ham qo‘llaniladi. Bunda, tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish yaxshilanishi hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati ham oshadi.

2023 yil yakuniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lami 30 ming nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Natijada, bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatini olayotgan nogironlar soni amaldagi 15 ming nafardan 30 ming nafargacha yetkaziladi. Mazkur tadbirlarga joriy yilda qo‘shimcha 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

O‘zA