Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Turkiyaning “Sabah” nashri xabarida aytilishicha, falokat hududidan umidbaxsh xabarlar ham kelyapti. Bu haqda ijtimoiy tarmoq bo‘ylab tarqalayotgan suratlar ham guvohlik beradi.
Gaziantepdagi Ayshe Mehmet Polat maydonida 3 oylik chaqaloq va uning onasi qutqarib olindi.
Qahramonmarashning Ko‘ker ko‘chasidagi qulagan 10 qavatli bino tomondan eshitilgan tovushga diqqat qaratgan qutqaruvchilar, taxminan, 31 soatdan beri vayrona ostida yotgan 15 oylik Meremni topib, shifoxonaga yotqizishdi.
Ofatdan omon qolgan, ammo 17 soatdan ko‘proq ilojsizlikdan qiynalgan 5 yoshli mitti Kumsalni qutqarish jarayoni juda hayajonli kechdi. Qizaloqning vayrona ichidan ko‘rinib turgan qo‘ng‘iroq sochi, dastlab, yuraklarni iztirobga soldi, munchoqdek nigohi esa xaloskorlarga kuch bag‘ishladi.
Beton-toshlar tagidan emaklab chiqqan yana bir qizchaning nim tabassumi, beixtiyor, atrofdagilarni-da yig‘latdi. Oilasining sevinch ko‘z yoshlari kameralarga muhrlandi.
Hatayda o‘t o‘chiruvchilar tomonidan qutqarilgan 4 yoshli qizcha kasalxonaga yotqizildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA