Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash – mintaqa xavfsizligining garovi

“Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazida 24 mart kuni “Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash – mintaqa xavfsizligining garovi” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari, akademik doiralar vakillari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlari uzoq tarixga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu hamkorlikni yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu O‘zbekistonning Afg‘oniston muammosini hal qilish borasidagi tashabbuslari va ushbu mamlakatda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirayotganida namoyon bo‘lmoqda.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi A.Kurmanov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, “O‘ztreyd” AJ raisi Sh.Rahmonov va boshqalar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston har doim Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Davlatimiz rahbarining yuksak minbarlardan turib, afg‘on zaminida barqarorlikni ta’minlashning eng to‘g‘ri yo‘li sifatida tomonlarni siyosiy muzokaralar olib borishga taklif etgani, Afg‘onistonda tinchlik ta’minlanishi Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun muhim o‘rin tutishi haqidagi fikrlari shu jihatdan jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali Toshkent konferensiyasi ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish orqali uning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga qo‘shilishi uchun har tomonlama shart-sharoit yaratadi.

Seminarda Afg‘onistonda siyosiy diplomatiyani yo‘lga qo‘yishda Toshkent konferensiyasining ahamiyati, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmini oshirish, energetika, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi aloqalar istiqbollari, madaniy-gumanitar hamkorlik haqida so‘z yuritildi.

– Afg‘oniston asrlar davomida Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida rivojlanib kelgan, – deydi O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev. – Xalqlarimizni bog‘lab turgan yagona tarix, umumiy madaniyat bugun turli sohalardagi hamkorlik uchun qulay zamin yaratmoqda. Ikki tomon uchun birdek manfaatli loyihalarni ishlab chiqish yo‘lida salmoqli kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Afg‘oniston temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish, yo‘nalishlarni kengaytirish borasidagi tashabbuslar shular jumlasidan. Kelishuvlar asosida o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Termiz – Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘li qurib, foydalanishga topshirildi. Hozirgi kunga kelib Mozori Sharif – Hirot yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qurilishi loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Mazkur tarmoqning uzunligi 650 kilometrni tashkil qiladi. Bu savdo aylanmasini sezilarli ko‘paytirish va Afg‘onistonning tranzit eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bularning bari Afg‘onistonda tinchlikni qaror toptirishga bevosita bog‘liq. Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bu boradagi tashabbuslarning yangi yo‘nalishini boshlab berishiga ishonamiz.

Tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Shu kuni matbuot markazida Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, o‘zbek va afg‘on xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, ushbu mamlakatda yashayotgan turli etnik guruhlar, jumladan, o‘zbek millatiga mansub aholining tarixi va taqdiriga bag‘ishlangan shu’ba yig‘ilishi ham tashkil etildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA