Serbiya poytaxti Belgrad shahrida imkoniyati cheklangan insonlar o‘rtasida boshlangan birinchi shaxmat olimpiadasida o‘zbekistonlik matonat va iroda sohiblari ham Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Nufuzli musobaqada 33 ta mamlakatning 100 nafarga yaqin shaxmatchisi 26 ta terma jamoa tarkibida qatnashmoqda.
Imkoniyati cheklanganlar o‘rtasidagi ilk shaxmat olimpiadasi tantanali ochilish marosimida Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbariyati, Serbiya hukumati vakillari, ishtirokchi davlat delegatlari qatnashib, o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa shaxmat olamidagi cheksiz imkoniyatlarni namoyish qilishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini Sirojiddin Zayniddinov, Sardorbek Mamarajabov, Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov va Sobirjon Saidovdan iborat 5 nafar shaxmatchi himoya qilmoqda.
Mamlakatimiz shaxmatchilari ilk turda oq donalarda Filippin terma jamoasiga qarshi bahs yuritdi.
Dastlabki turda bahs yuritgan Mamarajabov, Shoyusupov, Zayniddinov raqiblariga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Kimsanboyev durangga erishdi. Natijada O‘zbekiston-Filippin uchrashuvi 0,5:3,5 hisobida yakunlandi.
Ortda qolgan dastlabki o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, FIDE jamoasi, Hindiston, Ruminiya, Filippin vakillar peshqadamlik qilmoqda. Hamyurtlarimiz Kimsanboyevning durangi evaziga 23-o‘rinda bormoqda.
Hamyurtlarimiz bugun, 31 yanvar kuni o‘tadigan 2-tur uchrashuvida Xorvatiya terma jamoasiga qarshi bahs yuritadi. Xorvatiya vakillari kecha o‘tgan 1-turda Serbiya-2 jamoasiga 1,5:2,5 ko‘rinishida mag‘lub bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur olimpiada shveysarcha tizimda 6 turdan iborat bo‘lib, bahslar 5 fevralga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA