Keyingi to‘rt oy davomida dunyoning uchta mamlakatida hayot uchun xavfli bo‘lgan yo‘talga qarshi ichiladigan bolalar siropi aniqlandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus jurnalistlarga ma’lum qildi. Xabar JSST saytida e’lon qilinmoqda.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning oktyabr oyida JSST Gambiya bo‘yicha, noyabrda Indoneziya bo‘yicha, yanvar oyi boshida O‘zbekiston bo‘yicha tibbiy tavsiyalar e’lon qildi. Ushbu mamlakatlarda bolalar orasida o‘lim holatlariga sabab bo‘luvchi tarkibida zararli ximikatlar bo‘lgan siroplar aniqlangan.
«Aksariyat o‘lim holatlari besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida yuz bergan. Sanoatda erituvchi sifatida ishlatiladigan zaharli ximikatlar va antifrizlar oz miqdorda bo‘lsada baribir hayot uchun xavfli hisoblanadi va ular hech qachon dorilarga qo‘shilmasligi kerak», – deyiladi xabarda Gebreyesus.
Shu hafta JSST mamlakatlarga tezkor ogohlantirish e’lon qildi. Unda ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar sifatsiz dori-darmonlarning bozorga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga, shuningdek, bunday ko‘ngilsiz holatlarni o‘z vaqtida aniqlab, unga qarshi munosabat bildirishga chaqirilgan.
Antifriz – sovuqda muzlamaydigan suyuqlik hisoblanadi. Undan sovuq paytlari ishlayotgan ichki yonuv dvigatellarning sovitish tizimi muzlab qolmasligi, aviatsiyada muzlatmaydigan suyuqlik va oynalarni tozalash uchun vosita sifatida foydalaniladi.