O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida xitoylik futbol mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Mehmonlar mamlakatimizning Osiyo futbolidagi mavqeini e’tirof etishdi. Tomonlar o‘zaro tajriba almashish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdi. Xususan, turli terma jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkillashtirish, xalqaro musobaqalarga O‘zbekiston terma jamoalarini jalb etish, Milliy, Olimpiya va ayollar terma jamoalari o‘rtasida turnirlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi.

Futbol infratuzilmasi, akademiyalar faoliyati va terma jamoalar bazasini tashkil etishda Xitoy tajribasini o‘rganish, hakamlar uchun tajriba almashish dasturlarini joriy etish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Xanchjouda bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari oldidan ikki mamlakat Olimpiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish rejaga kiritildi, deyiladi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabarida.

 

O‘zA