Yaponiya hukumati jangovar kallagini almashtirsa bo‘ladigan ming kilometrgacha uchadigan qanotli raketalarni ishlab chiqish bo‘yicha qaror qabul qildi, deb yozmoqda “Iomiuri” gazetasi xabardor mnbalarga tayanib.
Xabarda keltirilishicha, raketani yaratish ishlari kelgusi moliya yilidan (2023 yil 1 apreldan boshlanadi) boshlanishi mumkin. Ta’kidlanishicha, harbiylar ishlab chiqilayotgan yangi qanotli raketaga uchta turli xildagi jangovar kallakni o‘rnatish imkoniga ega bo‘lishadi. Ularning biri zarba berish uchun, ikkinchisi razvedka olib borish uchun, uchinchisi dushmanning raketaga qarshi mudofaasini chalg‘itish uchun. Raketalarni uchirish uchun yuqori harakatlanuvchi qurilmalar ishlab chiqiladi.
Gazetaning ta’kidlashicha, yangi qanotli raketani ishlab chiqish 2018 yilda boshlangan bo‘lib, undan asosan, favqulodda vaziyatlarda, jumladan, Yaponiya orollariga bostirib kirishga uringan dushman kemalarini yo‘q qilishda foydalaniladi.
Yaponiya 2027 yilgacha mudofaa uchun xarajatlarni mamlakat YAIMining 2 foizi darajasigacha ko‘tarishni rejalashtirmoqda. Bu taxminan 11 trillion iyena (81 milliard dollar)ni tashkil etadi.