Global inflyatsiya 2023 yil va 2024 yilda sekinlashadi, deb hisoblamoqda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruv direktorining birinchi o‘rinbosari Gita Gopinat.
“Agar bizning hisob-kitobimiz to‘g‘ri chiqsa, bu yil va kelasi yilda inflyatsiya global miqyosda sekinlashadi”, – dedi u, Davosda bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqib.
Biroq uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi paytlarda hech kim kutmagan ko‘plab voqealar yuz berdi, “shunday ekan barchasi dahshatli tarzda noto‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin”. Uning fikricha, quvonadigan fakt shuki, inflyatsiya o‘zining xavfsiz darajasiga qaytmoqda.
Avvalroq XVJning taqsimlovchi direktori Kristalina Georgiyeva mamlakatlarning vaziyatga moslashishi va yetkazib berish zanjirini yo‘lga qo‘ya olishiga ishonch bildirgandi. Agar global miqyosda savdo hajmini kengaytirish uchun choralar ko‘rilmasa yo‘qotish qiymati jahon YAIMining 7 foizini tashkil etishi mumkin. Uning aytishicha, bu taxminan 7 trillion dollarlik zarar bo‘ladi, ya’ni, Germaniya va Yaponiya YAIMini qo‘shib hisoblangandagi summaga teng.
Jahon iqtisodiy forumi (JIF), World Economic Forum) Shveysariyaning Davos shahrida ish boshladi. 16 dan 20 yanvargacha bo‘lib o‘tadigan ushbu xalqaro iqtisodiy anjuman “Dunyoning tarqoqlik sharoitida hamkorlik” shiori ostida o‘tmoqda.
JIF – xalqaro davlat-xususiy hamkorlik tashkiloti hisoblanadi. Unga asos solgan Jeneva universiteti professori Klaus Shvab hozirgacha ushbu forumga rahbarlik qilib kelmoqda. JIFning bu yilgi dasturi davlat va xususiy sektorni eng dolzarb muammolarni hamkorlikda hal qilishga chaqiradi. Dastur, shuningdek, dunyo yetakchilarini energetika, iqlim va savdo sohalarida birgalikda ishlashga undamoqda.