Londonning ICE birjasi tarqatgan ma’lumotda keltirilishicha, Yevropada gazning birja narxi 2021 yil 6 sentyabrdan buyon ilk bor 10 foizga arzonlashdi va ming kubmetr gaz narxi 650 dollardan ham pastga tushgan.

Niderlandiyadagi yirik TTF gaz markazi indeksi bo‘yicha fevral oyi uchun fyuchers narxlar 728,6 dollar qilib belgilangandi (+0,2 foiz). Keyinchalik narx 652,5 dollarga (-10,3 foiz) tushdi. Bunday holat 16 oydan buyon ilk bor kuzatilmoqda. Bundan avvalgi birja savdosida (o‘tgan juma kuni) ming kubmetr gaz 727,1 dollarga sotilgan edi. Shunga qaramay, ushbu tushgan narx ham o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki barobarga qimmat bo‘lmoqda. Bunchalik barqaror yuqori narx Yevropa gaz markazlarida 1996 yildan buyon kuzatilmagandi, deyiladi xabarda.

O‘tgan yili Yevropada gaz narxi sezilarli ravishda ko‘tarildi. 2021 yil bahorda TTF kotirovkasi bo‘yicha gazning ming kubasi uchun 250-300 dollar berilgandi, yozga kelib narxlar 600, kuzga kelib 1000 dollarga chiqib ketdi.