Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlarining hisob-kitobiga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda dunyoda yoshi 65 va undan katta bo‘lgan keksalar soni ikki barobarga ko‘payadi. 2021 yilda ularning soni 761 milliondan oshgan edi, 2050 yilga kelib dunyo qariyalari 1,6 milliard kishiga yetadi.

Ayniqsa, 80 yoshdan oshganlar soni tez o‘sadi, deyiladi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti hisobotida.

Tadqiqotda qayd etilishicha, bugungi kunda Yevropa va Shimoliy Amerikada keksalar  soni tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan.

Shuningdek, Afrika va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlarida ham keyingi o‘ttiz yillikda aholining ushbu toifasi tez o‘sishi kutilmoqda. Hisobotga ko‘ra, tibbiyot sohasidagi yutuqlar, ta’lim olish imkoniyatining oshishi va tug‘ilishning kamayishi bu o‘zgarishlarga omil bo‘ladi.

“Aholining qarishi zamonamizning asosiy global tendensiyasi bo‘lib qolmoqda. 2021 yilda tug‘ilgan bola 1950 yilda tug‘ilgan odamga qaraganda o‘rtacha 25 yil ko‘proq umr ko‘radi. Shu bilan birga, umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha ayollar erkaklarnikidan o‘rtacha besh yilga oshib ketadi”, — deyiladi hisobotda.

Tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish ko‘p jihatdan daromad, ta’lim, jins, millat va yashash joyiga ta’sir qiladi.

Ekspertlarning maslahat berishicha, hukumatlar mutanosib byudjetlar yaratish, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimini, jumladan, pensiya jamg‘armalarini isloh qilishni rag‘batlantirishi kerak. Mutaxassislar mehnat resurslaridan to‘g‘ri foydalanish maqsadida turli avlodlar uchun o‘quv imkoniyatlarini yaratish va moslashuvchan pensiya yoshini joriy etish zarurligini ham ta’kidlashmoqda.

“Qariyotgan dunyoda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning eng muhim elementi mehnat bozori chekkasida qolgan ayollar va boshqa guruhlar uchun munosib ish imkoniyatlarini oshirish bo‘lishi kerak”, – demoqda BMT hisoboti mualliflari.