Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi 2024 yil Parij shahrida bo‘ladigan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun medallar jamlanmasi dasturini e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xabarda keltirilishicha, “Parij-2024” Paralimpiadasida ayollar o‘rtasida 235 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Bu, “Tokio-2020” o‘yinlaridan 8 taga ko‘p deganidir. Bundan tashqari, o‘yinlarda kamida 1 ming 859 nafar ayol sportchi ishtirok etadi. Ayni holat “Tokio-2020”dan 77 taga ortiqligidan dalolat.

Yana bir e’tiborli jihat “Parij-2024”da og‘ir turdagi nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun ko‘proq musobaqalar o‘tkaziladi.

Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida jami 4 ming 400 nafardan ortiq bo‘lmagan sportchi ishtirok etadi va sportning 22 turi bo‘yicha 549 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

Shuningdek, og‘ir turdagi nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun raqobat imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bochcha sport turi bo‘yicha medallar soni 7 tadan 11 taga oshiriladi.

“Parij-2024”dagi beshta jamoaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalar tizimi muvofiqlashtiriladi. Endi barcha jamoaviy musobaqalarda 8 ta jamoa ishtirok etadi.

Badminton bahslarida bu gal 16 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Bu, “Tokio-2020” Paralimpiadasidan 2 taga ko‘pdir.

Medallar jamlanmasi Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Ijroiya kengashida tasdiqlanadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA