Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz viloyatlari Qoraqalpog‘istondagi shahar va tumanlarga biriktirildi. Ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yaqindan yordam bermoqda.

Samarqand viloyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanini o‘z tajribasi asosida yanada rivojlantirishga ko‘maklashayotir. Mazkur tumanni 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, qurilish-bunyodkorlik ishlari, yangi korxonalarni ishga tushirish, shu orqali ish o‘rinlari yaratish, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama rivojlantirish uchun Samarqand viloyati tomonidan 898,5 milliard so‘mlik loyiha ishlab chiqildi.

Mazkur tashabbus asosida 40 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. bugungi kunga qadar unda belgilangan 36 ta bandning ijrosi to‘liq ta’minlangan. Qolgan 4 tasi bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. 2022 yil oktyabr oyida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligidagi 200 nafardan ziyod faollar, korxona-tashkilotlar mutasaddilaridan iborat delegatsiya Nukusda bo‘lib, yangi qurilgan ob’ektlarni foydalanishga topshirish, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, 6,5 gektar maydonda qurilgan “Xotira maydoni”, “Imom Eshon” masjidi, 90 o‘rinli Urgut mehmonxonasi, yirik savdo majmuasini o‘z ichiga olgan “Dehqon bozori”, Mahalla guzari va qator yangi binolar foydalanishga topshirildi.

“Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida tumandagi eski “Aqmang‘it dehqon bozori” rekonstruksiya qilinishi natijasida 115 ta do‘kon va 512 ta savdo rastasi foydalanishga topshirilib, mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Tuman markaziy istirohat bog‘ining rekonstruksiya ishlari tugatilib, foydalanishga topshirildi. Gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida tuman markazida “Samarqand osh” markazi tashkil etildi. Viloyat mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida Nukus tumani markaziy shifoxonasiga 1,1 milliard so‘m miqdoridagi 3 dona “Damas” rusumli tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashinasi va tibbiy anjomlar olib berildi. Viloyatning 12 nafar malakali shifokori tomonidan Nukus tumani ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasida 42 nafar ehtiyojmand va betob fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 13 nafarida yuqori jarrohlik amaliyoti bajarildi.

– Samarqand viloyati hokimligi barcha sohalar kabi tibbiyotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishda beminnat yordam ko‘rsatmoqda – deydi Nukus tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Seytmurat Jaqsimov. – Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasiga viloyat hokimligi tomonidan “UzAuto Motros”dan 3 dona “Damas” rusumli tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashinasi, bir dona UZI va 1 dona portativ rentgen apparati va boshqa zarur tibbiy uskunalarning xarid qilinishi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatining yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Samarqandlik tibbiyot xodimlari tuman aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda yaqindan yordam bermoqda. Bundan tuman aholisi mamnun. Kelgusida ham hamkorlikda faoliyatimizni davom ettiramiz, degan umiddamiz.

Nukus tumani markazidagi 5 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi, 56 ta oila yashaydigan 4 ta ikki qavatli uyning tom qismi yangidan ta’mirlandi. Tumanning 51,8 ming nafardan ortiq aholisi uchun elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash maqsadida 10 ta transformator ta’mirlandi. “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘inida Mahalla guzari, “Baqanshaqli”, “Arbashi” ovul va “To‘ktov” mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini binosi rekonstruksiya qilindi. “Qutanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida 3 ming 139 nafar aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida 3 dona yangi suv nasosi o‘rnatildi.

– Samarqand viloyati hokimligi, viloyat tadbirkorlarining amaliy yordamida bugungi kunda Nukus tumani markazi, chekka ovullari obod bo‘lmoqda, – deydi “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘ini raisi Yelmurat Allamberganov. – Jumladan, “Nurli kelajak ishonch servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan rekonstruksiya qilingan Xotira maydoni, urgutlik tadbirkorlar ko‘magida bunyod etilgan Aqmang‘it savdo majmuasi, 90 o‘rinli “Urgut hostel” mehmonxonasi, yangidan bunyod etilgan “Imom eshon” jome’ masjidi va ko‘plab yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish maskanlarini qayd etish mumkin. Ayniqsa, mahalla guzarining foydalanishga topshirilishi aholi uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Ikki qavatli zamonaviy binoning birinchi qavatida shaharcha fuqarolar yig‘ini, ikkinchi qavatda 72 ming 900 dan ziyod kitob fondiga ega tuman axborot-kutubxona markazi joylashganligi aholiga, ayniqsa, kitobxon yoshlarga qulay bo‘ldi.

2022-2023 yillarda Nukus tumanini jadal rivojlantirish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi, salohiyatli tadbirkorlar bilan birgalikda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 513,1 milliard so‘mlik 34 ta loyiha shakllantirilib, 2070 ta yangi ish o‘rni yaratish, shuning hisobidan tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar qatorida tumandagi “Qrantao‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan “AQMANG‘IT KAMALAK INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 5,4 milliard so‘mlik yuzta ish o‘rniga mo‘ljallangan 150 ming dona tikuvchilik mahsuloti ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu korxonaga qabul qilingan yangi ishchilarni o‘qitish va tajribalarini oshirish maqsadida Turkiya davlatidan tajribali mutaxassislar jalb qilindi. Kelgusida korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorni ta’minlaydi, balki tashqi bozorlarga ham eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘inida “SET NUKUS-TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 5,4 milliard so‘mlik loyiha ishga tushirildi. Natijada, yuzta yangi ish o‘rni yaratildi.

– Samarqand viloyati tadbirkorlari amaliy yordami bilan ovulda tikuvchilik korxonasining ishga tushirilishi natijasida men kabi ko‘plab uyda ishsiz o‘tirgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, – deydi “SET NUKUS-TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchisi Ademi Janaliyeva. – Zamonaviy tikuv mashinalari o‘rnatilgan korxonamizda aholidan kelib tushgan buyurtmalar asosida turli kiyim-kechaklar ishlab chiqaryapmiz. Hozircha mahsulotlar ichki bozorlarda sotilmoqda. Kelajakda chet davlatlarga ham eksport qilinadi. Ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Oylik maoshlarimiz vaqtida berilyapti.

“Temir daftar”dagi kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarga ikki dona motokultivator, 300 ta xonadonga 10 ming dona mevali daraxt ko‘chati, 200 ta xonadonga 6 ming bosh parranda, 3 ta fuqarolar yig‘iniga 10 dona inkubator va 20 ta xonadonga 4 boshdan 80 dona echki olib berildi. Shuningdek, 200 ta xonadonga parnik va 50 ta xonadonga karkasli issiqxona qurib berildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi 400 nafar fuqaroga viloyat hokimligi tomonidan gaz plita va elektr pechlar topshirildi. Bundan tashqari, 8 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Nukuslik yuz nafar bola Urgut tumanida joylashgan “Chorchinor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bo‘lib qaytgan bo‘lsa, 100 nafar nuroniy uchun Samarqand shahriga ziyorat tashkil etildi.

Tumandagi “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan, jami o‘quvchi soni 228 nafar bo‘lgan 2- va 15-sonli o‘rta ta’lim maktablariga 800 million so‘mlik qo‘shimcha bino qurib berildi. “Qirontov”, “Taqirkul”, “Oqterak”, “Arbashi”, “Baqanshaqli”, “Qutanko‘l”, “Kerder” va “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘inida “WORK OUT” va boshqa turdagi sport maydonchalari, “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘inida 2 ta bolalar maydonchasi tashkil etildi. 2023 yilning 1 oktyabriga qadar qiymati 143,2 milliard so‘mlik 6 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilishi hisobiga 280 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Navobod naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 35 milliard so‘mlik “Parrandachilik kompleksini tashkil etish” loyihasi ishga tushirilishi natijasida yuzta yangi ish o‘rni, “Jasmina Fruit Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 6 milliard so‘mlik “Sovutgichli omborxona tashkil etish” loyihasi ishga tushirilishi natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Samarqand viloyatining amaliy ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilayotgan ishlar Nukus tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, eng muhimi ularning bugungi kundan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.

 

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat)