Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh, ya’ni Ichki ishlar va Prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida Toshkent viloyatidagi AGTKSH tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

Unga ko‘ra, 3 yanvar kuni soat 21:00lar atrofida Yangiyo‘l tumanida joylashgan «Hamkor gaz servis» MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur shoxobchaning gaz hisoblash uskunasi ko‘zdan kechirilganda, uskunaga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, ya’ni shoxobcha faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uskuna ishlamayotganligi (ko‘rsatkichlari «0» holatda ekanligi) aniqlandi hamda tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilib, gaz hisoblagich ekspertizadan o‘tkazish uchun yechib olindi.

Shuningdek, shoxobchaning elektr ta’minoti holati o‘rganildi. Xususan, elektr hisoblagich ma’lumotlarini ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilganda, noyabr oyidan buyon aloqa mavjud emasligi aniqlandi va hisoblagich ekspertizaga yuborildi.

Shu bilan birga, ushbu AGTKSHning gaz hisoblagichi belgilangan tartibga zid ravishda o‘rnatilganligi aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan AGTKSH va «O‘ztransgaz» AJ hududiy boshqarmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida.

 

O‘zA