Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 dekabr kuni hududlarda energiya ta’minotini yaxshilash, aholi bandligini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari avvalo so‘nggi kunlarda kuzatilgan energiya ta’minotidagi muammolarga to‘xtaldi. Oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ortiq yangi elektr quvvati yaratilgani qayd etildi. Qiyos uchun: avvalgi 25 yilda 3,5 ming megavatt quvvatlar ishga tushgan.

Shuningdek, 45 ming kilometr elektr tarmog‘i va 13 mingdan ortiq transformator yangilangan. Bu ham avvalgi yillarga nisbatan 3-4 baravar ko‘p. Suyultirilgan gaz va ko‘mir ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 baravar oshgan.

Lekin, bir hafta bo‘lgan sovuqda energetika sohasi mas’ullari, hokimlar va sektor rahbarlari quyi tizimda ishni tashkil etmagani ko‘rinib qoldi. Xalq shunday qiynalgan vaziyatda ham elektr va tabiiy gaz tarmoqlarida o‘g‘irliklar bo‘layotgani keskin tanqid qilindi.

Yig‘ilishda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga intizomiy choralar ko‘rildi.

– Energiya ta’minotidagi bugungi vaziyat tarmoq va hudud rahbarlari uchun katta saboq bo‘lishi lozim. Soha korxonalari tizimli ishlashi kerak. Bironta mahallada odamlar norozi bo‘lmasligi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari boshchiligida energetika tizimi rahbarlari ikki oy favqulodda tartibda ishlashi belgilandi. Viloyat hokimlariga issiqlik ta’minoti korxonalariga borib, aholiga xizmat sifatini yaxshilash, energiya sarfi va yo‘qotishlarni kamaytirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda aholini daromadli mehnat bilan band qilish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, yil boshidan buyon tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli bo‘ldi.

Hududlarda korxonalar 85 mingtaga ko‘payib, ularning soni 550 mingtaga yetdi. Buning hisobiga, 2022 yilda daromad solig‘i to‘layotgan rasmiy band bo‘lganlar soni 400 mingtaga oshib, 5 million 100 mingtani tashkil etdi.

Sanoat sohasida 3 ming 500 ta loyiha bajarilib, 160 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Mahallalardagi 35 mingta kichik loyiha doirasida 175 ming, qurilish sohasida 135 ming kishi daromad manbaiga ega bo‘ldi.

79 ta faoliyat turi bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilish imkoniyati yaratilgani natijasida bu yil 914 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning soni 2 millionga yaqinlashdi.

Yig‘ilishda sohadagi kamchiliklar ham tahlil qilindi. Xususan, bu yil doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagan.

Bulardan kelib chiqib, hokimlarga qator topshiriqlar berildi.

Kelgusi yilgi vazifalar muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari to‘rtta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi.

Birinchi yo‘nalish – paxta va g‘alladan bo‘shagan 100 ming gektarni aholiga bo‘lib berish. Bu orqali 600 ming aholini doimiy ish va 900 ming kishini mavsumiy daromad bilan ta’minlash mumkin.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash va qayta ishlash bo‘yicha 600 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan 400 million dollar ham ko‘proq ish o‘rni yaratadigan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Pilla yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish maqsadida bu soha ham erkinlashtiriladi. Endi pilla aholidan jahon birjalaridan kam bo‘lmagan narxda xarid qilinadi. Bu kamida 500 ming aholini band qilib, daromadini 2-3 baravar oshirish imkonini beradi.

Ikkinchi yo‘nalish – tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning uchun ishsizlik ko‘p bo‘lgan mingta mahalla uchun mikro-markazlar tashkil etiladi. Hududlardagi 255 ta markaziy va 274 ta mahallalararo ko‘chalar savdo-xizmat ko‘chalariga aylantiriladi. Avtomobil yo‘llari bo‘yida 3 mingdan ortiq yer maydonlarini auksionga chiqarish ham servis sohasida yangi ish o‘rinlari uchun katta imkoniyat bo‘ladi.

Shu bois tadbirkorlik uchun bo‘sh yerlar va ob’ektlarni savdoga chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.

Uchinchi yo‘nalishda sanoat sohasidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyiha, sanoat zonalarida 16 trillion so‘mlik 1 ming 300 ta loyiha natijasida yuqori daromadli ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. 536 ta noruda kon auksion orqali sotilib, qurilish materiallari sohasida yangi korxonalar ishga tushiriladi.

Umuman, investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 ming doimiy ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

To‘rtinchi yo‘nalish – qurilish sohasi. Kelgusi yili barcha loyihalar doirasida 90 ming xonadonli uy-joylar barpo etilishi mo‘ljallangan. Prezident qurilish sohasida ishga qabul qilish bo‘yicha mehnat shartnomalarini soddalashtirish zarurligini aytdi. Bu norasmiy sektordagi ishchilarning qonuniy faoliyatga o‘tishiga yo‘l ochadi.

Yig‘ilish yakunida Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.