O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori bilan Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom asosida bugun joylarda ushbu ta’lim tajribasi qo‘llanilib kelinmoqda.
Xo‘sh, aslida dual ta’lim qanday tizim? O‘zbekistonda bu tizimni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad nima? U qanday natija beradi?
O‘zA muxbiri shu va boshqa savollar yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Dual ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nodir Ergashev bilan suhbatlashdi.
– Yurtimizda ta’lim sohasiga “dual ta’lim” tushunchasining kirib kelishiga nima sabab bo‘ldi?
– Hammamizga ma’lum, iqtisodiyotni rivojlanishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarining o‘rni alohida hisoblanadi. Ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kasb va mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori ko‘rsatkichlarni tashkil etadi.
An’anaviy ta’lim shaklida o‘quvchi/talaba oliy yoki professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni ko‘proq egallab, amaliyot qismini juda oz soatlarda korxona va tashkilotlarda o‘taydi.
Shuning uchun, rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi o‘rganilib, zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi dual ta’lim shakli O‘zbekiston ta’lim tizimiga kiritildi.
“Dual” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, biror narsaning ikki qismga taalluqliligi, ikkita narsani ifodalovchi, ikki qismdan iborat, degan ma’nolarni bildiradi.
Dual ta’lim – o‘quvchi/talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir.
Bunda yoshlar 2-3 kun ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni va 3-4 kun korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchi/talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda ularga korxona tomonidan ustoz biriktiriladi va oylik maoshi to‘lanadi.
bugungi kunda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda iqtisodiyotni rivojlantirishda juda katta o‘ringa ega.
– Ushbu tizim mamlakatimizda qanday me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinmoqda?
– O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni 15-moddasiga muvofiq, “Dual ta’lim” ta’lim olish shakllaridan biri sifatida kiritildi. Qonunga dual ta’lim bo‘yicha alohida modda (17-modda) ham kiritilib, dual ta’limni tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi qarori bilan Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. bugungi kunda dual ta’limni yanada rivojlantirish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rgangan holda, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
– Ushbu tizimni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad nima?
– Maqsad iqtisodiyotning barcha sohalarida malakali va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash hamda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Aytib o‘tganimdek, yoshlar ta’lim olish bilan birga haqiqiy ish joyida o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.
Dual ta’lim shakli professional ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yildi. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, maktabgacha ta’lim, temir yo‘l va qurilish kabi sohalarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida professional ta’lim muassasalariga dual ta’lim shakli bo‘yicha 3 mingdan ortiq yoshlar o‘qishga qabul qilindi.
2022-2023 o‘quv yilida professional ta’lim muassasalariga 4,5 mingdan ortiq yoshlar dual ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilindi hamda yuqorida aytib o‘tilgan sohalarga qo‘shimcha ravishda axborot texnologiyalari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ham dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
bugungi kunda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, 7,5 mingdan ortiq yoshlar respublikamizdagi professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklida ta’lim olib, 1,5 mingga yaqin korxona va tashkilotlarda ish faoliyatini olib bormoqda.
Oliy ta’lim tizimida esa faqat Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida dual ta’lim asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan (3- va 4-bosqich talabalari uchun). Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham dual ta’lim shakli asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
– Ushbu tizim Germaniya tajribasi asosida amaliyotga joriy etilyapti. Yurtimizda qanday natija beradi, deb hisoblaysiz?
– Joriy yilning iyun oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida professional ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish va Germaniya tajribasi asosida dual ta’limni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Biz bilamizki, Germaniya o‘zining ta’lim tizimiga dual ta’limni bir necha yillar oldin joriy qilgan. Germaniyada dual ta’lim rivojlanishining asosiy omili qonunchilikda dual ta’lim ishtirokchilarining (korxona, o‘quvchi, ta’lim muassasasi) vazifalari va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
bugungi kunda Germaniyada 1,4 million yoshlar dual ta’lim shaklida ta’lim olishadi. Germaniyada har yili 500 ming o‘quvchi dual ta’limda ishtirok etish uchun korxonalar bilan shartnoma imzolashga erishadi va 74 foiz yoshlar o‘qishni yakunlagandan so‘ng ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi imzolashga erishadi.Korxona tomonidan o‘quvchi(lar)ga malakali va maxsus sinovdan o‘tgan hamda sertifikatga ega bo‘lgan ustoz biriktiriladi.
Dual ta’limni tashkil etish va ish beruvchilarni jalb qilish Savdo sanoat palatasi va tarmoq savdo palatalari faoliyatining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Hattoki yoshlarni kasbga yo‘naltirish va kasblar to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lishi uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilar korxonalarda yiliga 2-4 haftalik tanishuv (stajirovka) o‘tashadi. Yoshlar o‘zlari borgan korxona va tashkilotlar faoliyati bilan tanishib, kasblar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgandan so‘ng, o‘zi qiziqish bildirgan kasb bo‘yicha korxona va tashkilotlar bilan shartnoma imzolaydi va dual ta’limda tahsil olish uchun ta’lim muassasasiga ushbu imzolangan shartnoma bilan hujjatlarini topshiradi.
Germaniyada dual ta’limda ishtirok etayotgan o‘quvchilarga ish beruvchi tomonidan oyiga o‘rtacha 930-1200 yevro oylik ish haqi to‘lanadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, dual ta’lim mamlakatimiz ta’lim tizimida yangi bo‘lib, ushbu tizimni rivojlantirish bo‘yicha bir qancha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb qilinmoqda, mahalliy mutaxassislar Germaniya, Avstriya, Koreya va boshqa davlatlarga tajriba o‘rganish maqsadida yuborilmoqda va dual ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi ustida ishlanmoqda.
Shuningdek, xususiy sektorni dual ta’limga jalb qilish bo‘yicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.