Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Martabang baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev barchani 1 dekabr – Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligining 33 yillik bayrami bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, til – bu xalqning tarixini, madaniy merosini, turmush tarzini, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho xazinadir. Mana, so‘nggi yillarda yurtimizda ona tilimizni asrab-avaylashga, uni yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Buning misoli tariqasida qoraqalpoq tilidagi yangi darsliklar va qo‘llanmalarning, badiiy kitoblarning, monografiyalarning nashrdan chiqarilayotgani, ona tilimizni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar va boshqa tadbirlarning tashkil etilayotgani, Ibroyim Yusupov nomidagi qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan ijod maktabining, Chimboy tumanida qoraqalpoq adabiyotining zabardast vakillari Kunxo‘ja va Berdaq shoirlarning xotirasiga maqbara va muzey qurilganini alohida qayd etish zarur. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining,  shahar va tuman hokimlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimining joriy etilishi, muqaddas kitobimiz – Qur’on ma’nolarining va boshqa bir qator diniy kitoblarning qoraqalpoq tilidagi tarjimalari nashr etilgani, ona tilimizning tozaligini saqlashda muhim o‘rin tutadigan lotin imlosidagi “Qoraqalpoq tilining orfografik lug‘ati” chop etilgani ona tilimizga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Shuni ham alohida ta’kidlash joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi maxsus qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Qoraqalpoq tilini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, qator vazifalar belgilandi.

Joriy yilgi  bayramning “Martabang baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan nafaqat Orolbo‘yida, balki mamlakatimiz bo‘ylab bayram tadbirlari, uchrashuvlar, adabiy kechalar va turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida “Mustaqillik yillarida qoraqalpoq tili va adabiyotini rivojlantirish masalalari” mavzusida ilmiy–amaliy  anjuman o‘tkazilgan  bo‘lsa, O‘zbek milliy akademik drama teatrida yozuvchi O.Abdiraxmanovning “Tirsaklar” komediyasi tomoshabinlar e’tiboriga  taqdim  etilmoqda.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablarining bir guruh qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri  Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Minhojiddin Mirzo  so‘zga chiqib,  yig‘ilganlarni qoraqalpoq tili bayrami bilan qutladi. Bir guruh adib va soha fidoyilariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy yorlig‘i,“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Tantanali marosimda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA