Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida “Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash, shu jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanishda Shimoliy Yevropa mamlakatlari tajribasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Finlandiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash, suv resurslaridan tejamkor foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsaini ko‘zlagan tadbirda O‘zbekiston va Finlandiya parlamentlarining mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash, suv manbalaridan oqilona foydalanishdagi roli xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Keyingi yillarda ayni sohada yurtimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda olib borilayotgan sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy parlament va parlament huzuridagi institut faoliyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik, – deydi Finlandiya Suv forumi loyihasi rahbari Arvo Nerman. –bugungi uchrashuvda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Finlandiyada sinovdan o‘tgan va amaliy ahamiyatga ega bir necha loyiha yuzasidan ma’ruza qildim. O‘ylaymanki, bu yerda aytib o‘tilgan, aniq ma’lumotlar, muayyan tajribaga asoslangan takliflar amaliyotga joriy etilsa, albatta ijobiy samara beradi.

Suhbat davomida mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash, suv manbalaridan maqsadli foydalanishga erishishda parlamentning o‘rni alohida ekani ta’kidlandi. Bu borada Oliy Majlis palatalari bilan hamkorlik rivojlantirilishidan manfaatdorlik bildirildi.

Tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan parlamentlararo hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Go‘zal Sattorova,

Nosir Haydarov (surat),

O‘zA