Farmon va ijro

1939 yilda o‘z faoliyatini boshlagan “Toshkent issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyati poytaxtimizning uy-joy kommunal xo‘jaligi va sanoat korxonalari uchun elektr va issiqlik energiyasi manbalarini yetkazib beradi.

Ushbu markazning ishlab chiqarish elektr quvvati 57,15 megavattni, issiqlik quvvati esa 828 Gkal/soatni tashkil etadi. 2022 yilning 10 oylik ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, tarmoqqa 283 million kilovatt soat elektr energiyasi  va 1 256,66 ming Gkal/soat issiqlik energiyasi yetkazib berilgan.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan press-turda shu haqda so‘z bordi.

Unda “Toshkent issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Rustam Shamsiyev korxonada elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishi, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi va muqobil  energiya manbalaridan foydalanish jarayoni haqida ma’lumot berdi.

– Markazda beshta bug‘ qozon qurilmasi, yettita suv isitish qozon qurilmasi, bug‘ turbina va gaz turbina qurilmalari mavjud, – dedi R.Shamsiyev. – 2013 yilda Yaponiyaning “NEDO” kompaniyasi  tomonidan ajratilgan grant mablag‘i hisobiga 27 megavattli  ikkinchi bosqich zamonaviy gaz turbina qurilmasi ishga tushirilgan. E’tiborli jihati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga asosan korxonada aholini, ijtimoiy soha ob’ektlarini va iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 109,243 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 2024 yilga qadar har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasi bunyod etilib foydalanishga topshiriladi. Ayni kunlarda mazkur investitsiya loyihasi  qurilishi jarayonida  bir qancha nufuzli kompaniyalar bilan birga, Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi tender g‘olibi sifatida ishtirok etmoqda. Bu yerda qurilmalar Yaponiya, Xitoy va Yevropa davlatlaridan keltirilmoqda.  Afzallik jihatlarini aytadigan bo‘lsak, gaz turbina qurilmasi oddiy qurilmalarga nisbatan  tabiiy gaz yoqilg‘isiga bo‘lgan tejamkor va 508 tonna chiqindi gazini atmosferaga kam chiqaradi. Shovqini kam bo‘lgani uchun bu qurilmalarni shahar sharoitida qurishga ruxsat berilgan. Shuningdek, mazkur texnologiyalar yuz foiz raqamlashtirilgan.  bugungi kunda jamiyatimizda o‘quv markazlari tashkil etilmoqda.   Kelajakda shu gaz turbina qurilmalarini boshqaradigan mutaxassislarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur investitsiya loyihasi ishga tushirilgach, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kilovatt soat elektr va 690,3 ming Gkal/soat issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi. Shuningdek, bunda yuqori tejamkor zamonaviy texnologiyalar evaziga yiliga 219 ming  metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishi va atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 508 tonnaga kamayishiga erishiladi.

Qurilish ishlarida bosh pudratchi sifatida Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi  jamoasi ham faol qatnashmoqda.

– Avvalo, ushbu investitsiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda kompaniyamiz g‘olib bo‘lganidan xursandmiz. Kompaniyamiz 2012 yildan buyon mamlakatingizdagi to‘rtinchi bor issiqlik elektr stansiyalari loyihalarini amaliyotga tatbiq etishda qatnashmoqda. Hozirgi kunda “Toshkent issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyatida ikkita gaz turbina zamonaviy talablar asosida qurilmoqda. Qurilishda 150 nafar ishchi-mutaxassis, jumladan, ular orasida o‘zbeklar qatorida turklar ham  o‘z hissasini qo‘shmoqda, – dedi Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi vakili  Emrah Bakir.

Press-tur doirasida ishtirokchilar 1939 va 2013 yillarda yillarda ishga tushirilgan bug‘ turbina va gaz turbina  qurilmalari hamda markaziy boshqaruv bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi. Mutaxassislar  tomonidan korxonada  investitsiya loyihasi qurilish barobarida muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish, qurilmalarda olib borilayotgan modernizatsiya ishlari va ishchi-xodimlarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ham atroflicha gapirib berildi.

– 2022 yilning 11 oyi davomida korxonaning bino va inshootlarini issiqlik energiyalari bilan ta’minlash maqsadida umumiy sig‘imi 3400 litr bo‘lgan jami 17 dona quyosh suv isitish qurilmalari, ichki va tashqi hududlarni avtonom yoritish tizimiga o‘tkazish maqsadida 160 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari, 70 dona sensorli harakat datchiklari hamda elektrodvigatellarni optimal yuklamalarda ishlashini ta’minlash hisobiga ortiqcha elektr energiyasi sarfini oldini olish uchun 2 dona chastota o‘zgartirgich qurilmalari o‘rnatildi. Shu kunlarda korxonada quvvati 25 kilovatt soatga teng bo‘lgan  quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Ushbu quyosh panellari orqali yiliga o‘rtacha 45 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada yiliga 4,7 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. 2023 yil birinchi choragiga qadar quyosh panellarining o‘rnatilgan quvvati bosqichma-bosqich 505,6 kVt soatga yetkaziladi, – dedi “Toshkent IEM” AJ ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Bahodir Solihov.

bugungi kunda korxonada nafaqat yangi loyihalar, balki raqamli transformatsiya, ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviylashtirish yo‘nalishidagi qator islohotlarga hamohang ravishda moddiy-texnik bazani yangilash, ma’nan eskirgan bino hamda inshootlarni, ijtimoiy ob’ektlarni qayta ta’mirlash va yangilarini barpo etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yerda tibbiyot muassasasi zamonaviylashtirildi. Kimyo sexi laboratoriyasi, Elektr sexi boshqaruv shiti, Qozon turbina sexi sanuzellari va yuvinish xonalari to‘liq ta’mirlandi, mebel jihozlari yangilandi. Ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida 80 o‘rinli umumiy oshxona qayta rekonstruksiya qilinib, 150 o‘ringa moslashtirildi hamda ishchi xodimlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda zamonaviy mebellar bilan jihozlandi.

Muxtasar aytganda, 450 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan markaz jamoasining aholi va iste’molchilarni barqaror elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang va uyg‘unligi kishini quvontiradi. Zero, islohotlar inson qadri va farovon hayotini yaratishda olib borilayotgan siyosatimizning muhim mezonidir.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA,

O‘zA muxbiri