Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining 26-yig‘ilishida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, 70 ga yaqin yetakchi kompaniyalar, universitet, moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik xususida ma’lumot berdi.

Respublikamizda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 338 taga yetgani qayd etildi. Mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit tufayli mazkur korxonalar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik va kimyo sanoatida, shuningdek xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muloqot chog‘ida yurtimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaradorligi xususida so‘z bordi. Hukumat xorijiy investorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi. Britaniya kompaniyalari faol hamkorlikka chaqirildi.

Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari – Istanbuldagi Bosh konsul Kenan Poleo, Buyuk Britaniya Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell o‘zaro savdo va investitsiyani rivojlantirish imkoniyatini muhokama qilish uchun samarali vosita hisoblanadigan ushbu kengashning yillik uchrashuvlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida investitsiya hamkorligini rivojlantirish uchun qulay sarmoyaviy muhit mavjudligi e’tirof etildi. Mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan bozorida Britaniya kompaniyalari faoliyatini kengaytirish zarurligiga urg‘u berildi.

Anjuman doirasida professional moliyaviy xizmat ko‘rsatish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qurilish sohasini rivojlantirish, Buyuk Britaniya Preferensiyalar bosh tizimining kengaytirilgan tartibidan samarali foydalanish masalasiga bag‘ishlangan to‘rt tarmoq sessiyasi ham bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida respublikamizdagi xususiylashtirish dasturida britaniyalik investorlar ishtiroki istiqboli, O‘zbekistonning qator yirik kompaniyalari birlamchi ommaviy taklifga qo‘yilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyati va ta’lim sohasidagi hamkorlik salohiyati muhokama qilindi.

Ishtirokchilar investitsiya loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning moliyaviy va texnik jihatini chuqur tahlil qilish maqsadida B2B va G2B shaklida muzokara olib borishdi.

O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi yakuni bo‘yicha savdo, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim va madaniyat sohalarida 8 ta ikki tomonlama hujjat, shuningdek, kengashning 2023 yil uchun qo‘shma harakat rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi.

B.Xudoyberdiyev,

D.Yakubov (video),

O‘zA