Konstitutsiya – nafaqat davlatchilikning muhim ramzi, balki xalqning o‘z-o‘zini hurmat qilishining huquqiy timsoli hamdir.

Shu bois mamlakatimizda har yili dekabr oyi boshida Konstitutsiya dekadasi nishonlanadi. Bu yil asosiy Qonunimizning 30 yilligi tantanalari konstitutsiyaviy islohot jarayonlari bilan uyg‘unlik va hamohanglik kasb etmoqda.

Umumxalq muhokamalarida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 160 mingga yaqin takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, asosiy Qonunni 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulug‘lash, erkin va farovon hayotimiz kafolati» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shu haqda so‘z bordi.

Konstitutsiyamizning 30 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Toshkent Davlat transport universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada o‘tgan yillar mobaynida Asosiy qonunimizning bosib o‘tgan yo‘li xususida fikr almashildi. Yalpi majlis va bir nechta sho‘badan iborat yig‘ilishlarda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti qoshidagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik A.Saidov va boshqalar ma’ruza qildi.

Muhokamalarda Konstitutsiyamizning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi o‘rni, ijod erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash xususida atroflicha fikr yuritildi.

Asosiy qonunimiz inson qadr-qimmati, jamiyat erkin va farovon hayotining kafolati ekani yana bir bor e’tirof etildi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida besh jildlik «Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi» kitobining uch jildi, «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari» va «Jahon Konstitutsiyalari» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi kitoblar mamlakatimiz asosiy Qonunining 30 yilligiga mo‘’jaz va munosib sovg‘adir.

 

O‘zA