Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bo‘lgan bolalarning 60 foizini muolajalar ko‘magida davolash mumkin. Ammo qolgan 40 foiz bolaning eshitish qobiliyati maxsus apparatlar (eshitish vositalari va koxlear implantlar) yordamida sekin-astalik bilan tiklanib boradi.

Oktyabr-noyabr oylarida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va «Zamin» xalqaro jamoat fondi tomonidan “Men ham eshitishni xohlayman!” loyihasi doirasida Maktabgacha ta’lim hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm, Samarqand, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan jami 115 nafar eshitishida nuqsoni bor bo‘lgan bolaga 228 ta yangi avlod simsiz eshitish apparatlari tarqatildi.

Eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlashda maxsus o‘quv jihozlari va texnik vositalardan foydalanish bolaning shaxsiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va bunday apparatlar ularning eshitishdagi nuqsonini davolashda samarali hisoblanadi.

Shuningdek, bunday maxsus apparatlar tarbiyachi hamda pedagoglarga bola bilan ishlash, bolaning esa, hech qanday to‘siqsiz, jamiyatda o‘z o‘rnini topib ketishiga yordam beradi.

 

M.Qosimova,  

O‘zA