Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Mazkur tadbir dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini o‘zida jamlagan.
Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tadbirni ochib, bugungi O‘zbekiston butun dunyo diqqat markazida turganligi, 2023 yilda BMT Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqandda bo‘lib o‘tishi, bu tadbir mingdan ziyod xorijiy mehmonlarni jalb qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Qayd etilishicha, “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida soha mutaxassislari ishtirokida forum va sessiyalar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar hamda B2B uchrashuvlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mahalliy va xalqaro maydondagi dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi ham bo‘lib o‘tadi.
Yarmarka doirasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning turizm ma’muriyati jamoalari o‘z milliy stendlari bilan ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yarmarka 1995 yildan buyon har yili BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinayotgan sayyohlik tadbiri bo‘lib, mazkur ko‘rgazma har yili butun dunyodan sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlab, xalqaro miqyosda rivojlantirishi uchun sharoit yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA