Og‘ir atletika: Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchi jahon rekordini yangiladi

Qatar poytaxti Dohada og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionati o‘ziga xos natijalari bilan sport ixlosmandlarining e’tiborini qozonmoqda.
Bir kun muqaddam o‘tgan bahslarda 89 kilogramm vazn toifasining siltab ko‘tarish dasturida hamyurtimiz 17 yoshli Bekzod G‘ofurjonov 194 kilogramm toshni bo‘ysundirib, o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordini yangilagani e’tirof etildi.

Kecha o‘tgan musobaqalarda esa yana ikki sportchimiz munosib ko‘rsatkichlarni qayd etib, dunyo og‘ir atletikasida O‘zbekiston sportchilarining munosib o‘rni borligini yana bir karra isbotladi.
O‘smirlar o‘rtasida -96 kilogramm vazn toifasining “A” guruh bellashuvlarida qatnashgan terma jamoamiz a’zosi Ruslan Rahmatjonov dast ko‘tarishda 151 kg toshni bo‘ysundirgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Yosh polvonimiz siltab ko‘tarishda 180 kg va ikki kurash yakuniga ko‘ra, 331 kg natija qayd etib, 2 ta kumush medalni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

-109 kg vazn toifasida “A” guruh bahslarida vatanimiz sharafini Qudratbek Salimjonov himoya qildi. Ruslan Nuriddinovning munosib izdoshi sifatida ko‘rilayotgan sportchimiz dast ko‘tarishda 168 kg bilan kumush va ikkikurash yakuniga ko‘ra, 358 kg natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 25 dekabr kuni jahon chempionatining so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zolaridan Omadillo Olimov -102 kilogramm vazn toifasining “A” guruh bahslarida ishtirok etadi.

Ortda qolgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi hisobida hozircha 7 ta oltin, 7 ta kumush, 2 ta bronza medali mavjud bo‘lsa, mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi a’zolari 7 ta oltin, 10 ta kumush va 5 ta bronza medaliga egalik qilib turibdi.
Yurtimiz yosh og‘ir atletikachilari yakunlanib borayotgan qit’a chempionatida umumiy hisobda 14 ta oltin, 17 ta kumush, 7 ta bronza medali bilan ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoada kuchlilar qatorida ekani e’tiborli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA