Joriy yilning 29 noyabr kuni Kinochilar uyida “Dada degin” filmining yopiq premerasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu film Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi va “Kinomaniya” kinostudiyasi hamkorligida suratga olindi.

Muhammadiso Abdulxayirov rejissyorligida drama janrida yaratilgan mazkur kartinada uzoq yillardan buyon farzandsizlikdan qiynalayotgan oilada kechgan voqeliklar to‘g‘risida hikoya qilinadi.

Kartinada bosh qahramon Botir aka o‘zi befarzand, ammo beshik yasovchi usta obrazida gavdalanadi. Uning hayotdan yagona ilinji farzandli bo‘lish yoxud bola tilidan chiqqan “dada” kalomini eshitish edi. Farzandsizlik tufayli atrofidagilarning unga nisbatan yomon munosabati filmda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Botir akaning rafiqasi Gavhar bolalar uyida tarbiyachi bo‘lib ishlaydi. U ishlaydigan bolalar uyida Sardor ismli tarbiyalanuvchiga er-xotinning mehri tushib qoladi va ular bolani asrab olishga qaror qiladi. Filmdagi asosiy konflikt bola asrab olish qaroridan so‘ng boshlanadi. Bundan tashqari, beshik yasash sirlari, beshik uchun foydalaniladigan turli anjomlar va boshqa qiziqarli kadrlar filmdan joy olgan.


Reklama huquqi asosida

Kinematografiya agentligi axborot xizmati

O‘zA