O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida nafaqat strategik sherik davlatlar sifatida ikki tomonlama munosabatlar, shu bilan birga, BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda.

Xususan, 2021 yilning mart oyida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning yurtimizga rasmiy tashrifi va uning doirasida imzolangan strategik sheriklik munosabatlari o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, Vengriya Yevropaning aholisi nisbatan kam, to‘g‘ridan-to‘g‘ri okeanga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlatlaridan biri bo‘lishiga qaramasdan bu yerda qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati jadal rivojlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3-4 oktyabr kunlari Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, Budapesht shahridagi Shandor saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va o‘xshash mentaliteti do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qo‘shilgani o‘zaro savdoni salmoqli darajada ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va o‘zaro ko‘makni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», «Bonafarm», «Wizz Air», «Raba Holding», «Meditop», «Master Good», «Kite» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqot jarayonida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy muvaffaqiyatlari haqida vengriyalik ishbilarmon doira vakillariga ma’lumotlar berib o‘tildi.

Vengriya – Yevropaning eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlaridan biri, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega ekanligi, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib, oxirgi 5 yilda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paygani e’tirof etildi.

Shuningdek, 4 oktyabr kuni Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida dastlab tor doiradagi hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muloqot o‘tkazildi.

Ushbu muloqotlar davomida tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishdi. Shu ma’noda, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani  bilan bir-biriga o‘xshashligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Shu maqsadda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo‘shma fond tuzilishi, biznes-forum va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib borilishi belgilab olindi.

Tomonlar tashrif oldi Vengriyada o‘tkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlangani, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston – Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi.

Xulosa qilib aytganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalarining yanada rivojlanishi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qartilgan fondning tuzilishi hamda Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tashrif davomida erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Albatta, bu jarayonda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stlik guruhlari faoliyatining ham o‘rni yuqori. Shu boisdan, barcha yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi parlamentlararo aloqalarni ham yanada rivojlantirish, o‘zaro qonunchilik tajribasini o‘rganish borasida faol hamkorlik olib borish muhim sanaladi.

Mahfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA