Xabar berganimizdek, Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishida «Turkiston» xususiy aksiyadorlik tijorat banki va “HI-TECH BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat banklarining bank faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziyalarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ushbu moliya muassasalarining minglab mijozlari bor. Tabiiy savol tug‘iladi: bu bankka omonatlarini chet el valyutasida qo‘ygan omonatchilarning omonatlari chet el valyutasida qaytariladimi?

– Bu banklarga qo‘ygan omonatlarimiz nima bo‘ladi,  degan xavotirlar bo‘lmoqda. Bunday xavotirlarga o‘rin yo‘q. Mamlakatimizda Fuqarolar banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi faoliyat yuritadi. Qonunga asosan fuqarolarning bankdagi omonatlari 100 foiz ushbu fond tomonidan kafolatlanadi. bugungi kunda 2 trilliondan ortiq mablag‘larimiz mavjud. Omonatchilarning pullarini to‘liq kafolatlab berishga qurbimiz yetadi. Bu jarayon qonunchilikka asosan 2 oy ichida tugatilayotgan bankning tugatish komissiyasi bankning barcha mablag‘larini jamlaydi. Kreditorlarini, debitorlarining barchasini aniqlaydi. Bundan keyin birinchi navbatda qonunchilikka asosan fuqarolarning omonatlarini qoplash uchun bu mablag‘ yo‘naltiriladi. Mabodo o‘sha tugatilgan bankning mablag‘i yetmay qolgan taqdirda, fuqarolar banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi 2 oydan keyin, kerakli hujjatlarni olgandan keyin Agentbank orqali, ya’ni sog‘lombank Markaziy bank bilan kelishilgan holda belgilanadi va shu orqali to‘lanadi. Chet el valyutasida qo‘yilgan omonatlar Markaziy bankning bugungi kun kursi bilan milliy valyutada, ya’ni so‘mda qaytariladi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda «Turkiston» xususiy aksiyadorlik tijorat bankida aholining 339 milliard so‘m “HI-TECH BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat bankida esa 5 milliard so‘mlik omonatlari bor. Yuqoridagi ikki bank omonatchilari o‘zlarini xotirjam his qilishlari mumkin,  – deydi Fuqarolar banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi direktori Nodir Abbosov.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA