Mamlakatimizda 300 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi va 6 ming nafarga yaqin oliy ma’lumotli hamshira faoliyat yuritib kelmoqda. So‘nggi yillarda ularning emin-erkin ishlashini ta’minlash, jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy mavqeini ko‘tarish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida hamshiralar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, bilim va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi.

Jumladan, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar belgilanadigan bo‘ldi.

Tibbiyot kollejlari va texnikumlari transformatsiya qilinishi ham sohadagi muhim yangiliklar sirasidan. Bunda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi mavjud 27 ta tibbiyot kolleji hamda 47 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning “2022–2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorida 2022 yil 1 iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 3 ming 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yana qo‘shimcha 4 ming 900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilandi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida hamshiralik ishi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil 1 yanvardan  o‘rta tibbiyot xodimlari “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullana boshladi.

Toshkentda mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan 60 nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari, bosh va katta hamshiralar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ana shular haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda yurtimizda hamshiralik ishini rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar va ularning ijrosiga doir fikr-mulohazalar bildirildi. O‘z navbatida, o‘rta tibbiyot xodimlari kasbiy faoliyati bilan bog‘liq savollariga sohaning malakali mutaxassislaridan javob oldi.

O‘zA