Poytaxtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining II Majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Kengashga a’zo O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston milliy kasaba uyushmalari markazlari raislari hamda vakillari, shu bilan birga Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha byurosi (ACTRAV) Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovatskas, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining yangi mustaqil davlatlardagi dasturlari koordinatori Anna Salnikova, shuningdek Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistondan ham vakillar ishtirok etdi.

Nufuzli anjumanga Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi Bosh kotibi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov raislik qildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda ulkan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro manfaat va ishonch tamoyiliga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabati shakllandi, hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bularning bari tarixan qisqa vaqtda mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ro‘y berdi.

Ayni sa’y-harakatlar mintaqa mamlakatlari kasaba uyushmalari o‘rtasida do‘stona munosabatni yanada mustahkamlash, asosiy vazifalarni amalga oshirishda tajriba almashish jarayonini tamomila yangi bosqichga olib chiqdi. Bunda bandlikni ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga ko‘maklashish, xotin-qizlar va yoshlarning huquqi, imkoniyatini kengaytirish, munosib mehnat sharoiti yaratish muhim ahamiyatga ega. Milliy va xalqaro mehnat standartlarini hayotga tatbiq etish, xodimlar ma’naviyatini yuksaltirish, sifat jihatidan yangilangan ta’limni ilgari surish, kadrlar malakasini oshirish, ixtisoslashgan o‘quv muassasalarida kasaba uyushmasi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari ustuvorlik kasb etmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 2021 yil Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ushbu taklif Qozog‘iston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 2021 yil 10 noyabrda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi ta’sis etildi.

Ushbu Kengashni tuzishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning ijtimoiy-mehnat, kasbiy, iqtisodiy va boshqa qonuniy huquqi, manfaatini, kasaba uyushmalari faoliyatiga daxldor huquq va kafolatni himoyalash, uyushmalarning xalqaro birdamligini mustahkamlashga ko‘maklashish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar kasaba uyushmalari harakatini birlashtirishdan iborat.

Anjumanda ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda Kengash doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mazmun jihatidan muhim yo‘nalishlar bilan boyitish masalasi ham muhokama etildi.

Qayd etish joiz, Kengashning geografik qamrovi tobora kengaymoqda. Anjuman doirasida Qirg‘iziston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi delegatsiyalari ham Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi a’zoligiga kirish istagini bildirdi.

Majlis kun tartibi tasdiqlangach, aynan shu – Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston tuzilmalarini a’zolikka qabul qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Nizomga muvofiq Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa mamlakatlarning yuridik shaxs bo‘lgan hamda tashkilot Nizomini tan olgan milliy kasaba uyushmasi markazlari Kengash ishtirokchisi bo‘la oladi.

Taqdim etilgan taklif asosida Qirg‘iziston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi bir ovozdan Kengash a’zoligiga qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mehnat inspeksiyasi hamda Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi xizmati faoliyati, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikiston kasaba uyushmalari mehnat inspeksiyalari ish tajribasi to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Hozirgi kunda normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi borasida ish joylarida kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. Xodimlarning mehnat majburiyatini bajarish bilan bog‘liq, ishlab chiqarish yuz bergan baxtsiz hodisalarni, kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish, mehnat sohasida xodim va ish beruvchiga maslahat, uslubiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Kasaba uyushmalari inspeksiyalari baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligining oldini olishga doir profilaktika, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida mehnat sohasiga doir tushuntirish tadbirlarini o‘tkazyapti, iqtisodiyotning barcha sohalarida tizimli jamoatchilik nazoratini amalga oshiryapti. Mazkur sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi 2 yarim yilda 8 937 tashkilot jamoatchilik tartibida o‘rganilib, xodimlar manfaati yo‘lida 113 milliard 200 million so‘mga yaqin mablag‘ undirib berildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mehnat xavfsizligi va gigiyenasi huquqiy asosini mustahkamlash borasidagi ish tajribasi bilan ham batafsil tanishtirildi. Xususan, mehnat sohasiga aloqador yangi qonunlar qabul qilinayotgani, kasaba uyushmalarining faol ishtirokida XMTning 19 ta Konvensiyasi ratifikatsiya qilingani alohida qayd etildi. Mamlakatimiz kasaba uyushmalari tomonidan ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– ACTRAV kasaba uyushmalari markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, mehnat sohasidagi muammolarni birgalikda hal qilish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormoqda, – deydi S.Glovatskas. – Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tuzilgani nafaqat mintaqa miqiyosida, balki xalqaro darajada ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tuzilma mintaqa tegishli yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-mehnat munosabati sohasidagi ko‘plab masalalarni samarali hal etishga yordam beradi.

Tadbir davomida “Kasaba uyushmalari ta’limini rivojlantirish va modernizatsiyalash hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari mintaqaviy hamkorligini kuchaytirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya imzolandi. Ushbu hujjat kasaba uyushmalari kadrlari va faollari salohiyatini yanada oshirish, manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi Bosh kotibini saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Amaldagi Bosh kotib Qudratilla Rafiqov taklifi bilan kelgusi yil uchun mazkur lavozimga Qozog‘iston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Satibaldi Dauletali nomzodi ko‘rib chiqildi hamda bir ovozdan ma’qullandi.

Majlis ishtirokchilari tashrif doirasida “Yangi O‘zbekiston” majmuasida ham bo‘lib, Ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida – Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yib, o‘z hurmat-ehtiromini ifoda etishdi. Mehmonlar yurtimizdagi korxona va tashkilotlar faoliyati, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muzeyi va boshqa diqqatga sazovor maskanlar bilan ham tanishdi.

Go‘zal SATTOROVA, O‘zA muxbiri