Xayr va saxovat insonni ulug‘lab, har ikki dunyoda ham ajru savobga sazovor etishi haqida ko‘plab hadislar, maqollar va rivoyatlar bor. Islom dinida mo‘minning eng ulug‘ sifatlaridan biri xayr va saxovat ekaniga ishora qilinadi.

Aholi muammolarini aniqlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirish, ularga har tomonlama, manzilli ko‘mak ko‘rsatish maqsadida yirik ijtimoiy dasturlar – “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tizimlari yaratildi. O‘tgan vaqt davomida birgina “Temir daftar” orqali mahalla fuqarolar yig‘ini hamda sektorlar tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlari hisobga olinib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati o‘rganildi. Shu bilan birga, aholini kambag‘allikdan chiqarish, ular bilan manzilli va maqsadli ish olib borishga doir muhim qadamlar qo‘yildi.

Bunda amudaryolik saxovatpesha tadbirkorlar ham o‘rnak olmoqda. Shunday saxiy ishbilarmonlardan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanining Do‘rman ovulida fermer xo‘jaligini tashkil qilib, yerdan mo‘l hosil va daromad olayotgan Ulug‘bek O‘rozboyev tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga tashabbus bilan murojaat qildi. Fermer xo‘jaligi dalalarida yetishtirilgan bug‘doyning bir qismi – 10 tonnasi ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.

Joriy yil 24 sentyabr kuni tumanning barcha ovul va mahallalarida yashovchi ehtiyojmand, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan 200 ta oilaning vakillari tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga taklif qilindi. Ularning har biriga fermerning hisobidan bir qop – 50 kilogrammdan bug‘doy tarqatildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA