Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan yirik anjuman – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida bir qator muhim va ustuvor masalalarga, jumladan, aholi salomatligini saqlash, tibbiyot yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratiladi.

SHHT doirasida ayni yo‘nalishda muhokama etilayotgan masalalar xususida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari fikri bilan  tanishdik.

Anvarjon MIRKOMILOV: 

– Hozir dunyo bo‘ylab xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tizim uchun o‘ziga xos sinov sifatida namoyon bo‘lmoqda.

SHHTning 2020 yil bo‘lib o‘tgan sammitida Epidemiya tahdidiga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar kompleks rejasi tasdiqlangan. O‘sha anjumanda davlatimiz rahbari xavfli infeksion kasalliklar tarqalishiga qarshi hamkorlikni yanada faollashtirish, yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish, telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surgan edi.

Ushbu tashabbuslar pandemiya sharoitida SHHTga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini oshirishga xizmat qildi. Qolaversa, masofaviy texnologiyani joriy etish jarayonini jadallashtirish orqali tizimni pandemiyadan keyingi davrga moslashtirishga nisabatan ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Koronavirus pandemiyasi davrida erkin harakatlanish va yuzma-yuz muloqot cheklovi onlayn tibbiy maslahatga talab oshishiga olib keldi.

Binobarin, dunyoda mavjud noqulay epidemiologik vaziyatda nafaqat “shifokor-shifokor”, balki “shifokor-bemor” tartibida ishlash uchun televizion tibbiyotdan samarali va tez-tez foydalanish zarurati har qachongidan ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Pandemiyada bemorlar ko‘payishi tufayli sog‘liqni saqlash tizimida yuzaga kelgan haddan tashqari tirbandlik teletibbiyot rivojiga kuchli turtki berdi. Boshqacha aytganda, masofaviy tibbiy xizmatga talab oshdi.

Masalan, Xitoyda epidemiya avjiga chiqqan davrda teletibbiyotdan foydalanuvchilar soni 2019 yilga nisbatan 30 foiz oshgan.

Mamlakatimiz rahbariyati vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda, to‘plangan umumiy tajribadan global epidemiologik inqirozga qarshi birgalikda kurashishda foydalanish maqsadida an’anaviy sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘lidan bormoqda.

Shu o‘rinda aytish kerak, sog‘liqni saqlash sohasi allaqachon SHHT mamlakatlari tomonidan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

2010 yildan boshlab tuzilma tarkibisida Sog‘liqni saqlash vazirlari konferensiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2011 yil SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim qabul qilingan.

Dunyo aholisining, qariyb, yarmini tashkil etgan tashkilot salohiyatiga qaramay, sog‘liqni saqlash va teletibbiyot sohasidagi hozirgi hamkorlik, asosan, maslahatlashuv shaklida davom etyapti.

Xullas, tashkilotga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Shu bilan birga hamkorlikni chuqurlashtirish uchun hali foydalanilmagan ulkan imkoniyat mavjud.

Avazbek XOLBEKOV:

– O‘tgan yilgi sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “COVID-19”dan keyingi reabilitatsiya, emlash bo‘yicha sertifikatni o‘zaro tan olish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, xastaliklarni davolash masalasi bo‘yicha “Yo‘l xarita”sini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha muhim tashabbus ilgari surilgan edi.

Ma’lumki, joriy yil 9 iyun kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Sog‘liqni saqlash vazirlarining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida tuzilmaga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, an’anaviy tibbiyotni zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish, yuqumli kasalliklar xavfini kamaytirish masalasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Teletibbiyot texnologiyasi, an’anaviy tibbiyot, farmatsevtika va sanitariya-epidemiologiya xizmati sohasi mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatni birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham ijobiy natija.

Xulosa qilib aytganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar a’zo davlatlar tibbiyoti rivojiga, aholi salomatligini asrab-avaylash, sohada to‘plangan tajriba va erishilayotgan yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

O‘zA muxbiri

Go‘zal Sattorova yozib oldi