“Uzbek Tigers”ning g‘alabali odimlari

“Uzbek Tigers” va “Colombia Heroicos” jamoalari o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvda 91 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan Bahodir Jalolov hamda Kristian Salkedo o‘zaro raqobatlashdi.

Umidli bokschimiz Bahodir mazkur jangda g‘alaba qozondi va jamoamizning 4:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Boks bo‘yicha “Uzbek Tigers” jamoasi Butunjahon boks seriyalari (WSB) VIII mavsumidagi uchinchi bahsida Toshkent shahridagi “Unversal” sport majmuasida Kolumbiyaning “Colombia Heroicos” jamoasiga qarshi ringga ko‘tarildi.

Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) tomonidan tashkil etilgan turnirning bu yilgi bahslarida jamoalar uch mintaqaga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashmoqda. “Uzbek Tigers” Amerika mintaqasidagi “Colombia Heroicos” (Kolumbiya), “Cuba Domadores” (Kuba) va “Caciques de Venezuela” (Venesuela) kabi kuchli jamoalar bilan raqobatlashmoqda.

Butunjahon boks seriyalari (WSB)ning VIII mavsumida “Uzbek Tigers” dastlabki uchrashuvda safarda “Cuba Domadores” (Kuba)ga 5:0 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda kubalik bokschilar ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.

“Colombia Heroicos” jamoasi esa Kolumbiyada musobaqaning dastlabki turida Venesuelaning “Caciques de Venezuela” jamoasini 3:2 hisobida yengdi

Bugun, 1-mart kuni “Uzbek Tigers” jamoasi “Colombia Heroicos”ni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Mazkur bellashuvda Xudoynazar Fayzov — Keybar Avila, Shunqor Abdurasulov — Duvan Zuleta, Mahmud Gaipov — Aleksandr Ranxel, Bektemir Meliqo‘ziyev — Diyego Motoa, Bahodir Jalolov — Kristian Salkedo o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tdi.

– G‘alabaga erishganimizdan xursandmiz, — deydi Bektemir Meliqo‘ziyev. – Barcha uchrashuvlar biz uchun jiddiy tarzda o‘tgan bo‘lsa-da, unga murabbiylarimiz qo‘l ostida munosib tayyorsharlik ko‘rgan edik. Umid qilamanki qolgan uchrashuvlarda ham g‘alaba qozonamiz.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA