Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy mamlakatlar yetakchilari, nufuzli siyosatchilar, taniqli jamoat va din arboblari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan qutlov va telegrammalar kelmoqda.

Maktublarda mamlakatimiz tomonidan mustaqillik yillarida erishilgan yuksak yutuqlar hamda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning keng e’tirofga sazovor bo‘lgan ulkan natijalari alohida qayd etilgan. Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida olib borilayotgan strategik siyosat to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.

Xorijiy yetakchilar va hamkorlar amalga oshirilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosat o‘z samaralarini berayotganini ta’kidlab, davlatimiz rahbarining global va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror va izchil taraqqiyotni ta’minlash, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini yuqori baholagan.

Tabriknomalarda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Mustaqillik kuni munosabati bilan butun O‘zbekiston Respublikasi xalqiga eng samimiy tabriklarimni bildiraman.

Ushbu muhim tarixiy lahza barchamizga hamjihatlik ruhida, bir insoniyat oilasi bo‘lib harakat qilishimiz zarurligini eslatadi.

Har bir mamlakat ko‘lami milliy chegaralarni tan olmaydigan –COVID-19 pandemiyasidan tortib qashshoqlik, tengsizlik va adolatsizlik keskinlashishi, iqlimning favqulodda yomonlashuvi, butun dunyoni qamrab olgan mojarolargacha bo‘lgan muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishi zarur.

Ushbu o‘ta ahamiyatli kunda ishonchim komilki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xavf-xatarlarga munosib javob berishda, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda, barcha odamlar uchun yanada farovon, adolatli va xavfsiz dunyoni barpo etishda O‘zbekiston Respublikasi xalqiga tayana oladi.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qiling.

Antoniu GUTTERISH,
BMT Bosh kotibi

       *                *              *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling.

Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng e’tirof topgan muvaffaqiyatlarga erishdi. O‘zbekiston jahon maydonida haqli ravishda obro‘-hurmatga sazovor bo‘lmoqda, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal qilishda muhim rol o‘ynamoqda.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida jadal rivojlanib bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirishimizga ishonaman. Bu Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadlariga mosdir.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, xalqingizga esa baxt-saodat, farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir PUTIN,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

*                 *               *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda o‘z nomimdan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrigimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat qurilishi va milliy tiklanish jadal taraqqiy topmoqda. Rahbarligingiz ostida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta muvaffaqiyatlarga albatta erishiladi.

Men Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelaman va o‘rtamizda qaror topgan namunali amaliy aloqalarni, shaxsiy do‘stligimizni qadrlayman. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan shuni ta’kidlashni istardimki, siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik ishonchni yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini ikki mamlakat va xalq manfaatlari yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga tayyormiz.

Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik tilayman.

Si SZINPIN,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

*               *               *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizni va O‘zbekiston xalqini 1 sentyabr kuni nishonlanadigan mustaqillikning 31 yilligi bilan qutlash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va har tomonlama munosabatlarni yuksak qadrlaydi, mamlakatingizning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq. Hukumatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida kengayishda davom etmoqda, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda tobora yetakchi o‘rinni egallamoqda.

O‘tgan yilda hukumatingiz islohotlarni amalga oshirishda erishgan yutuqlarni yuqori baholayman. Bu tashabbuslar O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan iqlim o‘zgarishi muammosini hal etishni taqozo etadi. Islohotlar yo‘li hech ham oson emas – men sizning g‘ayrat-shijoatingizni olqishlayman. Qo‘shma Shtatlar ushbu ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston bilan sheriklik qilayotganidan faxrlanadi va biz kelgusida ham yaqindan hamkorlik qilishdan umidvormiz.

Hurmat bilan,

Jozef BAYDEN,

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

*                 *               *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va butun O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Bugun O‘zbekiston Sizning rahbarligingizda ravnaq topayotgan davlatni barpo etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarmoqda.

Biz, Qozog‘iston zamonaviy O‘zbekistonning yutuqlaridan chin dildan xursandmiz va serqirra hamkorligimizni ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhida yanada kengaytirishga katta ahamiyat qaratamiz.

Aminmanki, birgalikdagi ishlarimiz Qozog‘iston – O‘zbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligi jadal rivojlanishiga, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga bundan buyon ham xizmat qiladi.

Ushbu fayzli kunda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, qardosh O‘zbekistonning farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman!

Hurmat bilan,

Qosim-Jomart TOQAEV,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

 *                   *                     *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Davlat bayrami – O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi kuni bilan Sizni muborakbod etaman.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston barqaror, suveren davlat barpo etish, xalq farovonligi va o‘zining xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Siz keyingi yillarda boshlagan ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar va iqtisodiy islohotlar respublika taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekiston bosqichini boshlab berdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va hamkorlikning bugungi darajasini yuksak qadrlayman. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bundan buyon ham jadal, izchil rivojlanib borishiga qat’iy ishonaman.

Sizning Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga kelishingizni orziqib kutmoqdamiz.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, davlatchilik faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

Sadir JAPAROV,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

*                  *                  *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Qadrli Shavkat Miromonovich!

Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizga va butun qardosh O‘zbekiston xalqiga mamlakatingizning milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklarim hamda eng ezgu tilaklarimni yetkazishdan bag‘oyat mamnunman.

Sizning bunyodkorona siyosatingiz tufayli O‘zbekiston barqaror taraqqiyot va ravnaq yo‘lida misli ko‘rilmagan natijalarga erishishda davom etmoqda, xalqaro maydondagi nufuzini dadil mustahkamlab bormoqda.

Biz Tojikiston – O‘zbekiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi boy tarixiy an’analar, chuqur o‘zaro hurmat va anglashuvga asoslangan munosabatlar bugun izchil rivojlanib, yangi qirralar ochayotgani quvontiradi. Strategik sheriklik doirasida va ittifoqli hamkorlik ruhida ularni har tomonlama kengaytirishga katta ahamiyat bermoqdamiz.

Ishonamanki, mening O‘zbekistonga tashrifim davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilishi xalqlarimiz farovonligi yo‘lida mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligiga sifat jihatidan yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sog‘liq va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot tilayman.

Doimiy hurmat bilan,

Emomali RAHMON,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

*               *                *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va Siz orqali O‘zbekiston Respublikasining qardosh xalqiga mamlakatingiz mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarni yetkazish men uchun sharaf.

Mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan davrda O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda katta nufuz topdi, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yechimida konstruktiv rol o‘ynamoqda.

Biz, Turkmanistonda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikda erishilgan natijani yuksak qadrlaymiz, uni yanada mustahkamlash va kengaytirishga katta ahamiyat qaratamiz.

O‘z navbatida, Turkmaniston – O‘zbekiston strategik munosabatlarini faol ilgari surib, qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yangi marralarga olib chiqish uchun bundan buyon ham Siz bilan birgalikda harakat qilishga tayyorman.

Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Serdar BERDIMUHAMEDOV,

Turkmaniston Prezidenti

*               *              *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Aziz qardoshim!

Mamlakatingiz mustaqilligi kuni munosabati bilan Sizga va qardosh O‘zbekiston Respublikasi xalqiga samimiy tabrigimni, ezgu tilaklarimni izhor etish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman.

Birodar O‘zbekiston suveren taraqqiyot yillarida hayotning barcha sohalarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi, xalqaro maydonda yuksak nufuz va ishonchga sazovor bo‘ldi.

Turkmaniston O‘zbekiston bilan har ikki tomonning intilishi orqali rivojlanib, kamol topayotgan munosabatlarni yuksak qadrlaydi va ardoqlaydi.

Aminmizki, yaxshi qo‘shnichilik, samimiy do‘stlik va ishonchga asoslangan Turkmaniston – O‘zbekiston strategik sherikligi qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida bundan buyon ham jadal rivojlanib boradi.

Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Gurbanguli BERDIMUHAMEDOV,

Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi

*               *              *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Prezident janoblari!

Aziz qardoshim!

O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizni va Siz orqali qardosh o‘zbek xalqini eng samimiy tilaklarim ila muborakbod etaman.

Do‘st va qardosh O‘zbekistonning mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan mamlakat bo‘lishdan bag‘oyat xursandmiz.

Mushtarak tarixiy va madaniy rishtalardan kuch oluvchi hamda birgalikda “Keng qamrovli strategik hamkorlik” darajasiga ko‘tarilgan o‘zaro aloqalarimiz har sohada jadal rivojlanayotgani bizga mamnuniyat baxsh etadi. Ushbu hamkorlik va sheriklikni umumiy hissamiz bilan yanada rivojlantirib, chuqurlashtirishimizga ishonchim komil.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga omonlik tilayman.

Rejep Tayyip ERDOG‘AN,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

 *                *               *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizni va Siz orqali qardosh xalqingizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni bilan chin qalbimdan qutlayman.

Keyingi yillarda Sizning rahbarligingiz ostida birodar O‘zbekiston xalqi katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Davlatchilikning mustahkamlanishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi samarali faoliyat hamda O‘zbekistonning jahon sahnasidagi nufuzi yuksalishi Sizning yetakchiligingiz, oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosatingiz tufaylidir.

Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlari xalqlarimizning azaliy do‘stligi va umumiy madaniy ildizlariga asoslangan. Ko‘p qirrali hamkorlik, yaqin tarixiy an’analar va mustahkam poydevorga, o‘zaro ishonch va ko‘makka asoslangan strategik sherikligimiz kengayayotgani va rivojlanayotgani g‘oyat quvonarli.

Aminmanki, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari birgalikda sa’y-harakatlar bilan xalqlarimizning manfaatlariga muvofiq bundan buyon ham kengayib, mustahkamlanib boradi.

Ushbu qutlug‘ kunda Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa abadiy tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

Ilhom ALIEV,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

*                 *                *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va O‘zbekiston Respublikasi xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman.

Diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlar ekanmiz, mamlakatlarimiz hamkorligi turli sohalarda yanada rivojlanishiga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanishiga umid qilaman.

Chin qalbimdan Sizga mustahkam sog‘liq va zafarlar, O‘zbekiston Respublikasiga esa uzluksiz ravnaq tilayman.

Yun Sok YOL,

Koreya Respublikasi Prezidenti

*                   *                   *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga Hindiston hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan samimiy qutlov va tabriklarimni yo‘llashdan mamnunman.

Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Hamkorlik aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilishi bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi.

Ikki tomonlama aloqalarimiz turli sohalarda ko‘zga ko‘rinarli darajada taraqqiy etmoqda. Sizning sherikligimizni mustahkamlashga qaratayotgan shaxsiy e’tiboringiz ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sog‘liq, omonlik, do‘st O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa taraqqiyot va davomiy ravnaq tilab qolaman.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Draupadi MURMU,

Hindiston Respublikasi Prezidenti

*                   *                  *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga va do‘st xalqingizga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yo‘llashdan behad mamnunman.

Fursatdan foydalanib, ikki do‘st xalqlarimiz manfaati yo‘lida turli sohalarda hamkorlik olib borishning yangi yo‘llarini ochish, birodar mamlakatlarimizni bog‘lab turuvchi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligimni bildiraman.

Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, do‘st xalqingizga taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.

Yuksak ehtirom ila,

Abdulfattoh as-SISI,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti

*                  *                 *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni munosabati bilan Siz, Janobi Oliylari hamda mamlakatingizning do‘st va birodar xalqini chin yurakdan muborakbod etaman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy tendensiyasini hisobga olgan holda, Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi mutasaddilarining yanada faol sa’y-harakatlari natijasida hamda ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va madaniy mushtarakliklar fonida aloqalarimiz yanada rivojlanishiga guvoh bo‘lamiz, deb umid qilaman.

Qodir Egamdan Siz, Janobi Oliylariga sog‘liq, muvaffaqiyat, O‘zbekiston xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik ato etishini so‘rab qolaman.

Ibrohim RAISIY,

Eron Islom Respublikasi Prezidenti

*                     *                   *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

2022 yil 1 sentyabr – Mustaqillik kuni nishonlanishi munosabati bilan Janubiy Afrika Respublikasi hukumati va xalqi men bilan birgalikda Siz, Janobi Oliylariga, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga eng samimiy tilaklarimiz va tabriklarimizni yo‘llaymiz.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘liq, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mukammal do‘stlik rishtalarini yanada kengaytirishga bo‘lgan intilishimiz qat’iy ekanini ta’kidlashga ijozat bergaysiz.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.

 

Matamela Siril RAMAFOSA,

Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti

*                  *                    *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Indoneziya Respublikasi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va do‘st O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bilan dildan qutlayman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida do‘stona munosabatimiz kelgusi yillarda ham xalqlarimiz farovonligi yo‘lida rivojlanib borishiga umid qilaman.

Siz, Janobi Oliylariga va O‘zbekiston xalqiga omonlik, salomatlik va ravnaq tilayman. Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qiling.

Joko VIDODO,

Indoneziya Respublikasi Prezidenti

*                 *                   *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Yurtingizning milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy qutlovimni qabul qiling.

bugungi O‘zbekiston keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lidan dadil borib, o‘z fuqarolari farovonligining barqaror o‘sishini ta’minlamoqda. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirishda muhim o‘rin tutgan davlatingizning xalqaro nufuzi mustahkamlanmoqda.

Belarus – O‘zbekiston hamkorligining salmoqli salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilishimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik va o‘zaro ishonch an’analariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning muvaffaqiyatli rivoji kafolatidir.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, o‘ylagan niyatlaringiz ro‘yobini, O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan,

Aleksandr LUKASHENKO,

Belarus Respublikasi Prezidenti

*                     *                     *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman, mamlakatingiz va xalqingizga tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot, farovonlik tilayman.

Bolgariya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasini Markaziy Osiyodagi ustuvor va uzoq muddatli hamkori sifatida qabul qiladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ikki xalqning o‘zaro manfaatlari yo‘lida do‘stlik va hamkorlik ruhida rivojlanishda davom etishiga ishonamiz.

Janobi Oliylari, samimiy tilaklarimni va Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qiling.

Rumen RADEV,

Bolgariya Respublikasi Prezidenti

*                   *                   *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

O‘zbekiston Respublikasi milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabrigim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Vengriya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim siyosiy va iqtisodiy hamkordir. Sizni ishontirib aytamanki, biz, Vengriya ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish borasidagi intilishimiz qat’iy. Aminman, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar o‘zaro ishonchga asoslangan birgalikdagi ishlarimiz uchun bundan buyon ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mas’uliyatli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘liq tilayman.

Hurmat bilan,

Katalin NOVAK,

Vengriya Prezidenti

*                  *                    *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

O‘zbekiston Respublikasi milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy va ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

O‘zbekiston Vengriyaning muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkoridir. Vengriya – O‘zbekiston hamkorligini kengaytirish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar o‘zaro manfaatlarda tobora ko‘p natija keltirayotganiga guvohmiz.

Ishontirib aytamanki, hukumatimiz o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha yuqori darajada boshlangan strategik muloqotni davom ettirishga qat’iy intiladi. Tez orada Sizni va hurmatli rafiqangizni Budapeshtda qutlash imkoniyatiga muyassar bo‘lib, muzokaralar orqali shu ruhdagi ishlarimiz davom etishiga ishonaman.

Mas’uliyatli faoliyatingizda yangidan-yangi zafarlar va mustahkam sog‘liq tilayman.

Hurmat bilan,

Viktor ORBAN,

Vengriya Bosh vaziri

*                   *                    *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Slovakiya Respublikasi fuqarolari nomidan hamda o‘z nomimdan Siz va mamlakatingiz xalqini milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman.

Biz og‘ir davrda yashayapmiz. Dunyoda hanuz global epidemiya ta’siri sezilmoqda. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va shu bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelyapmiz. Shu sababli bunday vaziyatda birdamlik, demokratiya qadriyatlari va huquq ustuvorligi tamoyillariga sodiqlik muhim ahamiyatga ega. Ta’limni qo‘llab-quvvatlash, inklyuzivlik, atrof-muhit himoyasi, barqarorlik va bioxilma-xillikni asrashga faol yondashuv ham muhim.

Slovakiya va O‘zbekistonni azaliy do‘stlik aloqalari bog‘lab turganidan mamnunman. Munosabatlarimiz bundan buyon ham ikkala mamlakat farovonligi yo‘lida rivojlanib borishiga ishonaman.

Hurmatli Prezident janoblari, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga mustahkam sog‘liq, tinchlik, barqarorlik, demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot tilayman.

Hurmat bilan,

Zuzana CHAPUTOVA,

Slovakiya Respublikasi Prezidenti

*                   *                   *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bilan Sizni tabriklash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqil taraqqiyot davrida jamiyat hayotining barcha sohalarida katta muvaffaqiyatlar va ulkan natijalarga erishdi. Sizning chuqur o‘ylangan siyosatingiz ostida bugungi O‘zbekiston jadal, ochiq, barqaror va har tomonlama rivojlanishning yuksak namunasiga aylandi.

Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatda yuqori nufuzga, hurmat-e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgan mamlakatdir. Sizning rahbarligingizdagi pragmatik, oqilona ichki va tashqi siyosat tufayli keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Siz bilan 2022 yil may oyida Toshkent shahrida o‘tgan uchrashuvimni alohida iliqlik bilan eslayman. SHHTni har tomonlama rivojlantirish, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzini, ayniqsa, bugungi murakkab sharoitlarda yuksaltirish yuzasidan Siz bildirgan fikr, g‘oyalar men uchun g‘oyat qiziqarli va qimmatli bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligini alohida qayd etib, bu boradagi sa’y-harakatlar tuzilmamiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqishida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Shubhasiz, SHHTning bo‘lajak Samarqand sammiti o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlik ufqlarini kengaytirib, tashkilotimiz samaradorligi va imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq va oliy darajadagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik tilayman!

Chuqur hurmat ila,

Chjan MIN,

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi

 

*                    *                  *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.

O‘zbekiston milliy suverenitet yillarida jahon hamjamiyatining to‘laqonli a’zosiga aylandi, xalqaro maydonda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Bugun mamlakatning ichki siyosati iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, davlat hayotining ijtimoiy-siyosiy sohalarini takomillashtirishga qaratilgan.

Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan siyosat respublikaning yanada izchil rivojlanishi va aholi farovonligi yuksalishiga xizmat qiladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi sermahsul hamkorligimiz mustahkamlanish va kengayishda davom etishiga qat’iy ishonaman.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, farovonlik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, butun O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Sergey LEBEDEV,

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi

*                    *               *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Turkiy davlatlar tashkiloti nomidan va o‘z nomimdan Sizga hamda qardosh O‘zbekiston xalqiga tabrigimni, ezgu tilaklarimni  yo‘llashdan benihoyat mamnunman.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda ulkan marralarni zabt etayotganligini hamda xalq farovonligini oshirish borasida salmoqli yutuqlarga erishganligini alohida ta’kidlash lozim. Mamlakatni modernizatsiya qilish, davlatchilikni mustahkamlash va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz yuksak tahsinga loyiqdir.

Shuni qat’iyat bilan ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston tashkilotimizning to‘laqonli a’zosiga aylanganidan so‘ng Turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yangi marralarga erishmoqda.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonda rejalashtirilayotgan tarixiy sammit tinchlikni yanada mustahkamlaydi, umumiy tilimiz, dinimiz va an’analarimizga asoslangan ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirishga hissa qo‘shadi.

Fursatdan foydalanib, ushbu ajoyib damlarda Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda omad, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat va ehtirom ila,

Bag‘dod AMREEV,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi  

 

*                    *                  *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Janobi Oliylari!

Sizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bilan chin dildan qutlash men uchun katta sharafdir.

Bayram munosabati bilan samimiy va eng ezgu tilaklarimni izhor etar ekanman, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘zining qimmatli va muhim a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasiga katta ahamiyat qaratayotganini yana bir bor qayd etmoqchiman.

Siz, Janobi Oliylari IHT faoliyatini, iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy integratsiya borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz.

Siz, Janobi Oliylariga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Husrav NOZIRIY,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi

*            *             *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) nomidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni munosabati bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Siz, Janobi Oliylarining qo‘llab-quvvatlovi tufayli OIIBning O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyati 2019 yildan jadal sur’atda rivojlanib bormoqda. bugungi kunga kelib OIIB to‘qqizta loyihaga 1,5 milliard dollarlik investitsiya kiritdi.

Aloqalarimiz izchil mustahkamlanib bormoqda. Biz energetika, transport va suv ta’minoti kabi ustuvor sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yana bir bor izhor etaman.

Kelgusida muloqotimiz va hamkorligimiz davom etishidan umidvormiz.

Chuqur hurmat bilan,

Szin LISYUN,

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti

 

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.